1. Bosh sahifa
  2.  / 
  3. Jahon

Yakshanba mutolaasi: “Yetti”ga chiqish xayrlimi yoki “bir”ga tushish?!

Zamon.uz mashhur italyan yozuvchisi Dino Butsatining “Yetti qavat” hikoyasini tavsiya etadi.

Yakshanba mutolaasi: “Yetti”ga chiqish xayrlimi yoki “bir”ga tushish?!

 

Yozuvchilar hikoyalarida ham xuddi qissalarida bo‘lganidek, hayot haqiqati ustalik bilan ochib berilishi bejiz emas. Hikoyanavislar hikoyalarda ko‘tarilgan mavzuni tasvirlashda, xususan, hayotda uchrovchi illatlarni fosh etishda turli xil vositalaridan, shuningdek, ramziy obrazlardan va har xil majozlardan o‘rinli foydalanadilar. Ularning ijodi hayot bilan hamnafas, rostgo‘y, xalqchil va kurashchan nasrdir. Boisi, ular hayotning asl mohiyati haqida shu kungacha aytilmagan, lekin aytilishi shart bo‘lgan teran fikrlarni topib, ularni mahorat bilan badiiy adabiyotda aks ettiradilar.

 

XX asrning ana shunday ijodkorlaridan biri, janrning salobatini ifoda etishda o‘z so‘ziga ega bo‘lgan italyan yozuvchisi Dino Butsatidir. Muallif yaratgan asarlar salkam 200 ta tilga tarjima qilingani bilan eʼtiborga sazovor. Quyida uning "Yetti qavat" hikoyasiga ko‘zgu tutamiz.

 

Butsati, odatda, jumboqli hikoyalar yozishni maʼqul ko‘radi. Yaʼni, uning hikoyalarida ramz va qahramonlar ruhiyati bir-birini to‘ldirib, o‘zaro mutanosiblikda keladi. Ushbu yozuvchi ijodida "badiiy obraz" ko‘p o‘rinda "ramzli obraz" sifatida talqin qilinadi. Badiiy obrazning xususiyatlari haqida so‘z ketganda birinchi galda individuallashtirilgan umumlashma sifatida namoyon bo‘lishi xususida to‘xtalish zarur.  Badiiy asarda ijodkor o‘z maqsadiga qachonki, xarakterni mohirona va o‘zi o‘ylagandek yoritgandagina erishishi mumkin. Xarakter kichik bir sheʼrdan tortib katta-katta epopeyalarda ham namoyon bo‘lishi shartdir. Shuning uchun ham Butsati hikoyalarida ruhiyat tasviri ko‘p hollarda obrazlar individualligi orqali ifodalanadi,- desak xato bo‘lmaydi. Uning hikoyalaridagi qahramonlarning dunyoqarashi o‘zgachaligi va ularning tabiatidagi davrga xoslik yaqqol ko‘zga tashlanadi. "Yetti qavat"ni yozuvchining ruhiyat tasvirini ifodalashda ramzlardan mohirona foydalanishi orqali yaratilgan asarlaridan biri sifatida ko‘rish mumkin.

 

"Yetti qavat" hikoyasining qahramoni Dino Korte bo‘lib, hikoya uning kasalxonaga tushib qolishi syujeti bilan boshlanadi. O‘quvchi eʼtiborini tortgan jihat esa kasalxonaning yetti qavatdan iborat ekani va har bir qavatda har xil toifadagi (kasallikning yengil yoki og‘irligiga qarab) bemorlar davolanishi bilan namoyon bo‘ladi. Yana ham qiziqarlisi, bemorning qancha pastki qavatda bo‘lishi uning ahvoli ancha og‘ir ekanini bildiradi. Dino Korte kunlar o‘tgan sayin yettinchi qavatdan birinchi qavatga tushib boradi. Mana shu holatdan xulosa yasash mumkinki, bemorlarning palatalari o‘zgargani sayin, ularning ruhiyati ham ochila boradi. Dino Korte, dastavval, oltinchi qavatga tushganidan xursand bo‘lmay, norozilik bildiradi.

 

"Yetti qavat" hikoyasining qahramoni Kortening qishloqdan chiqqan kundan buyon xotinidan xat olmaganligi, uning boshqa hech kim haqida o‘ylamaganligi singari nozik jihatlar qahramon tabiati va u yashagan muhit haqida o‘z holicha xabar bera oladi. Shuning bilan birga Kortega kasalxonada uning uchun qavatdan-qavatga ko‘chish kerakligini aytishganda rozilik bermay, qarshi bo‘ladi. Uni jamiyatdagi nohaqlik va zo‘ravonliklarga qarshi kurashadigan vakil sifatida talqin qilish mumkin. Bundan ko‘rinib turibdiki, yozuvchi kasalxona va undagi har bir qavatga ramziy maʼno yuklaydi va mana shu ramziy maʼnolar maʼlum darajada qahramonlar ruhiyati va hikoya mazmunini ochib beradi. Dino Korte yuqori qavatdan pastga ko‘chib borgani sari o‘limni fojia deb hisoblaydi. Ayni mana shu pallada yozuvchi o‘quvchi ruhiyatiga quloq tutadi. Butsati eshitgan ovozlar esa g‘arb odamining naqadar o‘limdan qo‘rqishi va undan qochishi haqida so‘zlaydi. Qiziq, italyan qahramonining o‘rnida o‘zbek epizodi bo‘lsa qanday yo‘l tutgan bo‘lar edi? Hikoya o‘quvchini mana shunday savollarga faqatgina o‘z qalbidan, o‘z Menidan javob topishga undaydi. Asar so‘nggida esa qahramon birinchi qavatdan qo‘nim topadi. Xulosalar esa turlicha bo‘lishi tabiiy.

 

Butsati, aynan tuproqqa - ona yerga yaqinlik maʼnosida unga shunday “taqdir” bitdimi yoki bu "tuproqdan yaralgan tuproqqa borsin" qabilida tutilgan ishmi, qanday xulosa chiqarishni faqat o‘quvchining o‘ziga qoldirish joiz.

 

Kategoriyalar

Bog'lanish uchun

+998 (71) 207-21-28

Elektron manzil

info@zamon.uz

Shahodatnoma

№1346 Berilgan sana: 28.05.2020

Asoschisi

ООО Master Media Production and Broadcast

Tahririyat manzili

Toshkent sh., Amir Temur shoh ko'chasi, 53 uy

Яндекс.Метрика