Yaman poytaxti Sanada tiqilinchda qolib qurbon bo‘lganlar soni 80 kishiga yetgani aytilmoqda.
“Poytaxtning sharqiy qismida bab-al-Yaman tumanidagi Main maktabida joylashgan gumanitar yordam tarqatish markazida ro‘y bergan tiqilinchda qurbon bo‘lganlar soni 80 kishiga yetdi. Ular orasida bolalar ham borligi taʼkidlanmoqda. Shuningdek 120 kishi jarohat olgan”, – deyiladi xabarda.
Manbada taʼkidlanishicha, jarohat olganlar orasida 20 dan ziyod kishining ahvoli juda og‘ir, shu bois yaqin orada qurbonlar soni yana ortishi mumkin.
Guvohlarning taʼkidlashicha, bu ilk bor kuzatilayotgan fojiadir. Tadbirkorlar har haftada aynan shu joyda muhtojlarga yordam tarqatgan va shu vaqtgacha bunday hodisa kuzatilmagan.
Xusitlar tashkil qilgan Oliy siyosiy kengash tarqatgan xabarda taʼkidlanishicha, kengash rahbari Maxdi al-Mashat halok bo‘lganlarning oila aʼzolariga hamdardlik bildirgan va voqeani tekshirish uchun maxsus qo‘mita tuzishga ko‘rsatma bergan.


