Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida 11-oktabr kuni mahallalarni obod qilish va aholini o‘ylantirayotgan masalalarni hal etish bo‘yicha o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida hududlarni ko‘kalamzorlashtirish masalasiga ham alohida eʼtibor qaratilgandi.
Davlat rahbari «Yashil makon» umummilliy loyihasi doirasida bu yil yakunigacha 75 million dona, kelgusi yil bahor oylarida yana 125 million dona mevali va manzarali ko‘chatlar ekish vazifasini qo‘ydi. O‘tgan yilgi tajribadan kelib chiqib, 20 oktyabrdan 1 dekabrgacha ko‘chat ekish bo‘yicha «dolzarb 40 kunlik»ni eʼlon qildi.
Shavkat Mirziyoyev daraxt havas bilan ekilishi, xalqimiz, mahallalarimizning madaniyatiga aylanishi lozimligini taʼkidlagandi. Bu bo‘yicha viloyat hokimlariga ham alohida topshiriq berilgan. OAV orqali ham bu mavzu tanqidiy-tahliliy muhokama ham etilmoqda. Biroq biz ming bong urmaylik vaziyat o‘sha-o‘sha. Hatto prezident topshirig‘ini ham pisand qilmaydigan botir mutasaddilar topilmoqda. Taajjublisi, «dolzarb 40 kunlik»da daraxtkushlik tadbirlari shiddatli davom etmoqda.
Xususan, poytaxtda qurilish bo‘layotgan joyda 16 tup turli qimmatbaho daraxtlar kesib tashlandi.
Ekologiya qo‘mitasi Matbuot xizmatining xabariga ko‘ra, Toshkent shahrining Yashnobod tumanidagi “Iltifot” mahallasi hududidagi qurilish obyekti hududi ko‘zdan kechirilganda 16 tup turli qimmatbaho bo‘lgan daraxtlarning noqonuniy ravishda tag qismidan kesib tashlanganligi aniqlandi.
«Ushbu holat bo‘yicha "O‘simlik dunyosini muhofaza qilish va undan foydalanish to‘g‘risida”gi qonunning 37-moddasi talablari buzilib, o‘simlik dunyosiga ko‘p miqdorda zarar yetkazilgani maʼlum bo‘ldi. O‘rganish natijasi bo‘yicha to‘plangan materiallar tegishli tartibda rasmiylashtirilib, tuman prokuraturasiga taqdim etildi», — deyiladi xabarda.


