1. Bosh sahifa
  2.  / 
  3. Jahon

Yana yuz yildan so‘ng London va Sankt-Peterburg suv ostida qolishi mumkin

2021-yil iyun oyining oxiri. Moskva go‘yo Venetsiyani eslatardi.

Yana yuz yildan so‘ng London va Sankt-Peterburg suv ostida qolishi mumkin

 

Tinimsiz yoqqan jala natijasida Moskva haqiqatdan Venetsiyaga aylandi, bir erkakning ko‘chalarda suzib yurgani aks etgan video bir necha daqiqada butun dunyoni aylandi. Moskva anchadan beri bunday dahshatli tabiat hodisalarini, ayniqsa yoz paytlari boshdan kechirmayotgan edi.

 

Iyul oyi boshida kuchli yomg‘irlar “Venetsiyaga aylanish” estafetasini Nyu Yorkka topshirdi. 9-iyulda Nyu-York ko‘chalari va metro stansiyalari suvga to‘ldi. Metroda baʼzi yo‘lovchilar belgicha suvda qolib ketishdi.

 

14-iyul. Namanganda sodir bo‘lgan sel voqeasi butun O‘zbekistonni larzaga keltirdi. Sel kelishi va kuchli yomg‘irlar 8 kishining bevaqt o‘limiga sabab bo‘ldi. Qurbon bo‘lganlar va bedarak yo‘qolganlar orasida voyaga yetmagan bolalar ham bor...

 

Xo‘sh, nima uchun yildan-yilga yoz oylarida bu kabi kutilmagan tabiat hodisalari, tabiiy ofatlar sodir bo‘lmoqda?

 

Barchasi global iqlim isishi bilan bog‘liq. 2018 yilda iqlim o‘zgarishi bo‘yicha hukumatlararo ekspertlar guruhi yer yuzida so‘nggi yuz yilda o‘rtacha harorat 1.5 darajaga ko‘tarilganini eʼlon qildi. Global isish jarayoni ob-havoning ham butunlay o‘zgarishiga sabab bo‘lmoqda: so‘nggi 10 yillikda shimoliy yarimsharda qish kamqorli, nisbatan iliq, yoz esa seryomg‘ir bo‘lib bormoqda. 2006 yildan 2016 yilgacha dunyo okeani sathi yiliga 4 mmdan ko‘tarilgan, bunga muzliklar erishi sabab bo‘lmoqda. Tadqiqotchi Markus Reks 2019-2020-yillarda 389 kun davomida Shimoliy Yarimsharda ekspeditsiyada bo‘lib, Arktika muzliklari dahshatli surʼatlarda eriyotganiga guvoh bo‘ldi. Olimning fikricha 2020 yil bahorida Arktika muzliklari erishi tezligi rekord darajaga yetdi. O‘z navbatida okeanlar sathi ko‘tarilishi tabiiy ofatlar-tornado va sunamilarning ko‘payishiga, okeanbo‘yi shaharlarida tabiiy ofatlar ko‘payishiga turtki bo‘ldi. AQSHlik olimlarning fikricha, Antarktida sohillarida muzliklar erishi natijasida okean sathi 60 metrgacha ko‘tarilishi mumkin. 2020 yilda BMT bosh kotibi Antonio Gutterish 2020 yilni so‘nggi uch million yildagi eng issiq yil bo‘lganini qayd etdi, bu insoniyatni iqlim halokatiga yana-da yaqinlashtirmoqda. Global isish natijasida keyingi yuz yilda London, Venetsiya, Dublin, Bryussel, Amsterdam, Sankt-Peterburg kabi shaharlar suv ostida qolib, tarixga aylanadi.

 

Global isish hatto dengiz va okeanlardan ichkarida joylashgan Markaziy Osiyoga ham o‘z taʼsirini o‘tkazmay qolmadi-so‘nggi o‘ttiz yilda Pomir va Tyanshan muzliklari erishi tezlashdi. So‘nggi yillarda birgina Pomirning 14 ming muzliklaridan mingtasi to‘liq yo‘q bo‘lib ketdi. Tojikistonlik olimlarning hisob-kitoblarigi ko‘ra, Pomir muzliklarining o‘ttiz foizi 2030 yilga kelib butunlay eriydi. Natijada yildan yilga suv zaxiralari kamayib bormoqda, shuningdek, kuni kecha bo‘lgani kabi issiq yoz oylari bo‘lishiga qaramasdan jala va sel kabi hodisalar ko‘paydi. So‘nggi yillarda birgina Tojikistonning tabiiy ofatlardan ko‘rgan zarari 1 milliard AQSH dollaridan ortiqni tashkil yetdi. Global isishning Markaziy Osiyodagi taʼsirlari shuni ko‘rsatmoqdaki, muammo kelajakda insoniyat oldida turgan eng katta chaqiriqlardan biridir.

 

Singapurning birinchi bosh vaziri Li Kuan Yu bir paytlar global isishning sabablarini qidirmasdan, kelajakdagi gumanitar halokatlarga tayyorgarlik ko‘rishni maslahat bergan edi. Albatta bu haddan tashqari ayovsiz berilgan baho bo‘lishi mumkin, ammo dunyo bugun “qizil chiziq” ostonasida turibdi. Global isishning iqtisodiyotga, ijtimoiy xayotga va eng muhimi tabiatga taʼsiri juda katta bo‘ladi. Bizni kelajakda ushbu hodisa ortidan keladigan, tom maʼnodagi juda katta o‘zgarishlar kutib turibdi.

Kategoriyalar

Bog'lanish uchun

+998 (71) 207-21-28

Elektron manzil

info@zamon.uz

Shahodatnoma

№1346 Berilgan sana: 28.05.2020

Asoschisi

ООО Master Media Production and Broadcast

Tahririyat manzili

Toshkent sh., Amir Temur shoh ko'chasi, 53 uy

Яндекс.Метрика