Yangi yil bayrami munosabati bilan turizm sohasida faoliyat yuritayotgan tadbirkorlik subyektlari, shuningdek, Madaniy meros agentligi hamda «Vaqf» xayriya jamoat fondi tasarrufidagi madaniy meros obyektlari tomonidan aholi va sayyohlar uchun bir qator qulayliklar yaratish maqsadida chegirmalar joriy etilmoqda.
Xususan, bayram kunlari davomida madaniy meros obyektlariga tashrif buyuruvchilar uchun kirish chiptalariga 10 foizgacha chegirmalar taqdim etilishi, ayrim obyektlarga esa bepul kirish yo‘lga qo‘yilishi rejalashtirilgan. Ushbu chora-tadbirlar aholining milliy tarixiy va madaniy merosga bo‘lgan qiziqishini yanada oshirishga xizmat qiladi.
Shu bilan birga, turizm sohasidagi tadbirkorlik subyektlari tomonidan mehmonxonalar, mehmon uylari va boshqa joylashtirish vositalarida ixtiyoriy ravishda 20 foizgacha bo‘lgan maxsus bayram chegirmalari joriy etilmoqda. Mazkur chegirmalar mahalliy va xorijiy sayyohlar uchun qulay sharoit yaratib, Yangi yil bayramini mamlakatimizning turli hududlarida maroqli o‘tkazish imkonini beradi.
Bundan tashqari, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 22-noyabrdagi PQ–399-son qaroriga muvofiq, “Temir daftar”, “Ayollar daftari” va “Yoshlar daftari”ga kiritilgan fuqarolar hamda nogironligi bo‘lgan shaxslar davlat teatrlarida namoyish etiladigan spektakllarga bepul kiritilishi belgilangan.
Shuningdek, 2026-yilni munosib kutib olish maqsadida Toshkent shahrida o‘tkaziladigan 2025–2026-yil Yangi yil bayram tadbirlari bo‘yicha ma’lumotlar (tadbir o‘tkaziladigan joylar, vaqti va mas’ul shaxslar) shakllantirilgan bo‘lib, ular belgilangan havola orqali taqdim etilgan.


