Xalqaro olimlar guruhi tadqiqot uchun Yaponiyaning "Fukusima-1" atom elektr stansiyasi yaqinida ovlangan dengiz baliqlarini olib ketishdi.
“Yaponiya hukumati bizdan buni talab qildi. Buning sabablaridan biri ular taqdim etayotgan maʼlumotlarga ishonchni oshirishga harakat qilishdir”, dedi tadqiqotni boshqarayotgan MAGATE olimi.
Yig‘ilgan namunalar radioaktivlikni mustaqil tekshirish uchun Xitoy, Janubiy Koreya va Kanadadagi laboratoriyalarga yuboriladi. Bu joriy yilning avgust oyida atom elektr stansiyasidan suv oqizish boshlanganidan beri dengiz baliqlari ustida olib borilgan birinchi tadqiqotdir.
Fukusima suv drenaji Yaponiyaning turizm va baliqchilik sohasiga zarar yetkazmoqda. Bir necha mamlakatlar yapon dengiz mahsulotlariga taqiq qo‘ygan.
Joriy yilning 24 avgust kuni 2011 yilda avariya sodir bo‘lgan "Fukusima-1" AESda reaktorlarni sovitish uchun ishlatiladigan radioaktiv moddalardan tozalangan suv okeanga chiqarila boshlandi. Bo‘shatish rejasi 30 yil davom etadi.


