Yaponiyada kuchli qor bo‘roni va tezligi soatiga 40,8 metrga yetgan shiddatli shamollar hayot tarzini izdan chiqardi. Og‘ir ob-havo sharoiti sababli mamlakatning turli hududlarida havo va dengiz transporti katta to‘siqlarga duch keldi.
Ma'lum qilinishicha, ayniqsa Xokkaydo oroli bu ofatdan jiddiy zarar ko‘rgan. Xokkaydo aeroportlariga va undan uchuvchi aviakompaniyalarning ma’lumotlariga ko‘ra, qalin qor va noqulay ob-havo tufayli jami 61 ta reys bekor qilingan. Tokio hududida ham kuchli shamollar qayd etilgan bo‘lib, mutaxassislar bu holat transport harakatini yanada izdan chiqarishi mumkinligini ta’kidlamoqda.
Meteorologlarning prognozlariga ko‘ra, Xokkaydo va Xonsyu orolining shimoliy qismida qor qoplami 60 santimetrgacha yetishi kutilmoqda. Bu esa nafaqat aviaqatnov, balki yerusti transporti harakatiga ham jiddiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin.
Ob-havoning keskin yomonlashuvi nafaqat havo qatnoviga, balki dengiz transportiga ham jiddiy ta’sir qildi. Yaponiyaning Chiba va Kagava prefekturalari o‘rtasida harakatlanadigan parom qatnovi to‘xtatilgan.
Mahalliy hukumat va favqulodda xizmatlar aholiga zaruratsiz tashqariga chiqmaslikni, yo‘llarda ehtiyot bo‘lishni tavsiya qilmoqda. Tabiatning bu g‘aroyib injiqliklari Yaponiyada hayotni bir muddat sekinlashtirdi, biroq hukumat va mutasaddi tashkilotlar normal hayotga qaytish uchun barcha choralarni ko‘rmoqda.














