Luvr muzeyida yana bir noxush hodisa yuz berdi: Misr qadimiy buyumlari kutubxonasi xonalaridan birida 300–400 ga yaqin kitob suv toshqini oqibatida zarar ko‘rgan. BFMTV telekanali xabariga ko‘ra, suv bosishi 26 noyabr kuni ro‘y bergan bo‘lib, zararlangan kitoblarning eng qadimgisi 19-asrga tegishli.
Muzey ma’muriyati o‘rinbosari Frensis Steynbokning aytishicha, zarar ko‘rgan nashrlar orasida muhim ilmiy asarlar, ma’lumotnomalar va arxeologik jurnallar bor, biroq ular orasida alohida bebaho qo‘lyozmalar yo‘q. Hozirda har bir kitob sahifasidagi namlikni maxsus qog‘oz yordamida ehtiyotkorlik bilan quritish ishlari olib borilmoqda.
Telekanal ma’lum qilishicha, suv toshqiniga gidravlik isitish tizimidagi suv sizib chiqishi — klapanning tasodifan ochilib qolishi sabab bo‘lgan. Steynbok tizimdagi muammolar bir necha yillardan buyon ma’lum ekanini tan olar ekan, suv bosgan zal 2026 yil sentyabr oyida rejalashtirilgan rekonstruksiya ro‘yxatiga kiritilganini bildirdi.


