O‘tkazilgan tezkor tadbirlar davomida bir nechta hududlarda yer maydonlarini noqonuniy ravishda sotishga uringan shaxslar aniqlandi. O‘hangaron tumanidagi unitar korxona yuristi, ilgari sudlangan shaxs, xaridorga Nurofshon shahrida parrandachilik uchun ajratilgan 90 sotix yer maydonini 250 ming dollar evaziga berishni va’da qilgan. Shuningdek, tanishlari orqali bu yerda kottedjlar qurish uchun ruxsat olib berishini aytib, “xizmati” uchun 30 ming dollar talab qilgan. U avans sifatida 40 ming dollar olayotganida qo‘lga olingan.
Qashqadaryo viloyatida esa tuman gaz ta’minoti bo‘limi xodimi davlat zahirasidagi 1 gektar yer maydonini 500 million so‘mga sotishga kelishgan. U ham oldindan 20 ming dollar olayotganida qo‘lga tushgan. Boshqa holatda, Buxoro shahrida maklerlik bilan shug‘ullanuvchi, ilgari sudlangan shaxs fuqaroning 1 250 kv.m maydondagi ko‘chmas mulk toifasini o‘zgartirib berish evaziga 14 ming dollar talab qilgan. U ham pulni olayotgan vaqtda ushlandi.
Hozirda barcha holatlar bo‘yicha jinoyat ishlari qo‘zg‘atilgan bo‘lib, tergov harakatlari davom etmoqda. Shu bilan birga, mazkur noqonuniy faoliyatga aloqador boshqa shaxslarni aniqlash uchun surishtiruv ishlari olib borilmoqda.


