Yoz mavsumining boshlanishi munosabati bilan Toshkent shahrida havo harorati keskin ko‘tarilishi va natijada yer usti temir yo‘llarining relslari hamda ularning po‘lat qismlarida harorat juda yuqori bo‘lib, 70 darajagacha isishi mumkin.
Metropoliten matbuot xizmatining xabar berishicha, temir yo‘llardan foydalanish qoidalariga ko‘ra, relslarning harorati 55 daraja issiqdan oshganda poyezdlar harakati tezligi pasaytirilishi, yaʼni relslarning harorati 60 darajagacha bo‘lganda poyezdlarning harakat tezligi 40 km/soatdan, 65 darajagacha 25 km/soatdan oshmasligi, harorat 70 daraja va undan yuqori darajada esa poyezdlar harakati taqiqlanishi belgilangan.
Maʼlum qilinishicha, yuqoridagilarni eʼtiborga olib, poyezdlar harakati va yo‘lovchilarning xavfsizligini taʼminlash maqsadida, metropolitenning Yer usti halqa yo‘li va Sergeli yo‘li uchastkalarida havo haroratining ko‘tarilishi kuzatilgan vaqtlarda poyezdlar harakati tezligining vaqtincha cheklovi joriy etiladi.


