15 noyabr kuni Yevropa Ittifoqi diplomatiyasi rahbari Jozep Borrel Yevrokomissiya bilan birgalikda Ukrainaga nisbatan tajovuzkorligi uchun Rossiyaga qarshi sanksiyalarning 12-paketi bo‘yicha takliflarni taqdim etishni rejalashtirmoqda.
«Biz sanksiyalarning 12-paketi ustidagi ishni nihoyasiga yetkazmoqdamiz. Bu choralarning bir qismi shaxsiy sanksiyalar, ikkinchi qismi iqtisodiy va tarmoq sanksiyalari. Chorshanba kuni komissiya bilan birgalikda men o‘z takliflarimni kengashga taqdim etaman», — dedi Borrel tashqi ishlar vazirlari darajasidagi Yevropa Ittifoqi kengashi yakunlari bo‘yicha o‘tkazilgan matbuot anjumanida.
Uning aniqlik kiritishicha, taklif etilayotgan sanksiyalar «ro‘yxatga qo‘shimcha shaxslarni qo‘shish, Rossiya eksportiga yangi taqiqlar, jumladan, olmos sotib olishni taqiqlash, Rossiya nefti narxining yuqori chegarasiga rioya qilishni kuchaytirish bo‘yicha harakatlar, shuningdek, sanksiyalardan qochishga qarshi kurash choralari»ni qamrab oladi.
Bloomberg o‘z manbalariga tayanib xabar berishicha, paketning “og‘irligi” 5 milliardga baholanmoqda.
Eslatib o‘tamiz, Yevropa Ittifoqi avvalgi sanksiyalar paketini 2023 yil iyun oyida qabul qilgan edi.


