1. Bosh sahifa
  2.  / 
  3. Jahon

Yevropa Ittifoqi Eronga qarshi yangi sanksiyalar paketini tayyorlamoqda

Sanksiyalar Erondagi norozilik namoyishlari shafqatsizlarcha bostirilishiga javoban taklif etildi.

Yevropa Ittifoqi Eronga qarshi yangi sanksiyalar paketini tayyorlamoqda

 

Yevropa Ittifoqi Eronga qarshi yangi eksport va texnologik sanksiyalar paketini tayyorlamoqda. Bu haqda Yevropa Ittifoqi tashqi ishlar va xavfsizlik siyosati bo‘yicha oliy vakili Kaja Kallas Strasburgda Yevropa Parlamentida Erondagi vaziyat yuzasidan o‘tkazilgan eshituvida maʼlum qildi deydi TASS.

 

Uning taʼkidlashicha, yangi cheklovlar Tehronga raketa va uchuvchisiz uchish apparatlari (dronlar) ishlab chiqarishda qo‘llaniladigan komponentlarni yetkazib berishga qaratiladi. Shuningdek, sanksiyalar Eronda hukumatga qarshi norozilik namoyishlarining shafqatsizlarcha bostirilishiga javoban taklif etilmoqda.

 

“Biz norozilik namoyishlarini kuch bilan bostirgani uchun Eronga qarshi yangi sanksiyalar kiritishni, shuningdek, raketa va dronlar ishlab chiqarishda foydalaniladigan texnologiyalar eksportiga qo‘shimcha cheklovlar joriy etishni taklif qilmoqdamiz”, — dedi Kaja Kallas.

 

U, shuningdek, Yevropa Komissiyasi va Yevropa Ittifoqining diplomatik xizmati hukumatga qarshi noroziliklarda qatnashayotgan, qonuniy talablar bilan chiqqan Eron fuqarolarini qo‘llab-quvvatlashini bildirdi.

 

Yevropa Komissiyasi prezidenti Ursula fon der Lyayen ham Eron rasmiylariga nisbatan yangi sanksiyalar tayyorlanayotganini tasdiqladi. Uning qayd etishicha, Yevropa Ittifoqi Eronni inson huquqlarini buzish, yadroviy dasturini rivojlantirish hamda Ukrainaga qarshi urushda Rossiyani qo‘llab-quvvatlagani uchun allaqachon bir qator cheklovlar bilan jazolagan.

 

“So‘nggi haftalarda Eronda norozilik namoyishlari shafqatsizlarcha bostirildi. Yevropa Ittifoqi o‘z erkinligi uchun kurashayotgan jasur eronlik ayollar va erkaklar bilan birdam”, — dedi fon der Lyayen.

 

Shu bilan birga, Yevropa Ittifoqi mamlakatlari Eron Islom inqilobi qo‘riqchilari korpusini (IRGS) terrorchi tashkilot deb eʼlon qilish masalasini ham muhokama qilmoqda. Yangi sanksiyalar bo‘yicha qarorlar aʼzo davlatlar tomonidan bir ovozdan qabul qilinishi lozim.

Kategoriyalar

Bog'lanish uchun

+998 (71) 207-21-28

Elektron manzil

info@zamon.uz

Shahodatnoma

№1346 Berilgan sana: 28.05.2020

Asoschisi

ООО Master Media Production and Broadcast

Tahririyat manzili

Toshkent sh., Amir Temur shoh ko'chasi, 53 uy

Яндекс.Метрика