Yevropa kosmik agentligi ExoMars missiyasi bo‘yicha hamkorlik qilishdan bosh tortganidan so‘ng, Roskosmos rahbari Dmitriy Rogozin davlat korporatsiyasi bir necha yil ichida Marsga missiyani mustaqil ravishda amalga oshirishi mumkinligini aytdi.
"Ha, biz bir necha yil yo‘qotamiz, lekin biz ushbu tadqiqot ekspeditsiyasini “Vostochniy” kosmodromining yangi uchirish majmuasidan mustaqil ravishda amalga oshiramiz", — dedi Rogozin.
Rogozin yevropaliklarning ExoMars loyihasidan chiqib ketishidan afsusda ekanini bildirib, bu 2022-yil sentyabr oyida Rossiya-Yevropaning Marsga qo‘shma missiyasi bekor qilinganini anglatishini maʼlum qildi.
Avvalroq Yevropa kosmik agentligi boshqaruv kengashi Marsdagi tadqiqotlar bilan bog‘liq ExoMars missiyasi bo‘yicha Roskosmos bilan hamkorlikni davom ettirishning iloji yo‘qligini eʼlon qilgan edi.
ExoMars — ESA va Rossiya davlat korporatsiyasi Roskosmosning Marsni tadqiq qilish bo‘yicha qo‘shma dasturi bo‘lib, uning asosiy maqsadi sayyorada o‘tmishda va hozirgi paytda hayot mavjudligiga oid dalillarni izlashdan iborat.


