Andi Aranitasi Yevropa tiklanish va taraqqiyot bankining (YETTB) O‘zbekistondagi vakolatxonasi direktori hamda rahbari etib tayinlandi.
Albaniya va Britaniya fuqarosi bo‘lgan janob Aranitasi ishlab chiqarish, telekommunikatsiya, agrobiznes, mulk va turizm hamda energetika sohalarida 25 yildan ortiq tajribaga ega. YETTBdagi faoliyati davomida u bankning energetika bo‘limida turli yuqori lavozimlarda ishlagan va Turkiya hamda janubiy-sharqiy Yevropadagi energiya loyihalarini yaratish, amalga oshirish va portfelini boshqarish uchun masʼul bo‘lgan. Mazkur lavozimga tayinlanishidan oldin janob Aranitasi YETTBning Shimoliy Makedoniyadagi vakolatxonasiga rahbarlik qilgan.
"YTTBning eng dinamik bank va maslahat bo‘linmalaridan biriga masʼul etib tayinlanganimdan juda mamnunman. O‘zbekiston tez rivojlanayotgan iqtisodiyot bo‘lib, qayta tiklanadigan energiya manbalari va infratuzilmadan tortib, kichik va o‘rta biznesni rivojlantirish, to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalarni jalb qilishgacha bo‘lgan ko‘plab sohalarda katta tajriba va moliyaviy qo‘llab-quvvatlashni talab qiladi. Men o‘z tajribam va kuchimni mamlakat bilan hamkorlikni rivojlantirishga va 2023 yil oxirigacha tasdiqlanishi kerak bo‘lgan O‘zbekiston bo‘yicha yangi davlat strategiyamizni amalga oshirishga yo‘naltiraman", — dedi janob Aranitasi.
Andi Aranitasi mamlakat poytaxti Toshkentda faoliyat yuritadi va 2023 yil 1 sentabrdan o‘z ishini boshlaydi.
Janob Aranitasi janob Alkis Drakinosning o‘rnini egallaydi. Janob Drakinos 2017 yilda mamlakat bilan qayta aloqa o‘rnatilganidan beri bankning O‘zbekistondagi faoliyatini boshqarib kelgan va hozirda u Tbilisida joylashgan Kavkaz mintaqaviy vakolatxonasiga rahbar etib tayinlangan.


