Yevropa Parlamenti Xavfsizlik va mudofaa masalalari bo‘yicha kichik qo‘mitasi raisi Mari-Agnes Strak-Zimmermann Germaniya hukumatini AQShda saqlanayotgan oltin zaxiralarini imkon qadar tezroq mamlakatga qaytarishga chaqirdi. Bu haqda u Spiegel nashriga bergan intervyusida ma’lum qildi.
Deputat federal hukumatdan Germaniyaga tegishli oltin zaxiralarini qaytarish bo‘yicha aniq va shaffof jadval taqdim etishni talab qildi. Uning ta’kidlashicha, bu masala iqtisodiy va xavfsizlik siyosatida milliy suverenitet bilan bevosita bog‘liq.
Shuningdek, Strak-Zimmermann Moliya vazirligi hamda Bundesbankdan oltin zaxiralarini chet elda saqlash bilan bog‘liq xavf-xatarlarni ochiq va batafsil baholashni so‘radi. Uning so‘zlariga ko‘ra, AQShning ishonchliligiga tayanish Germaniyaning iqtisodiy va xavfsizlik siyosatidagi mustaqilligini to‘liq ta’minlay olmaydi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, Germaniya 3 350 tonna oltin zaxirasi bilan dunyoda ikkinchi o‘rinni egallaydi. Jahon oltin kengashi (WGC)ning o‘tgan yil noyabr oyida e’lon qilingan hisobotida AQSh eng yirik oltin zaxiralariga ega davlat sifatida qayd etilgan. Rossiya esa ushbu reytingda beshinchi o‘rinda turadi.
Shu bilan birga, 2026-yil yanvar oyida Bloomberg so‘nggi to‘rt yil davomida oltin narxlarining keskin oshishi natijasida Rossiyaning oltin zaxiralari qiymati 216 milliard dollarga ko‘payganini ma’lum qilgan.


