1. Bosh sahifa
  2.  / 
  3. O'zbekiston

Yo‘l chetida qoldirilgan yuk mashinalariga jarima joriy etiladi

Yangi chora yo‘l harakati xavfsizligini ta’minlash va YTHlar sonini kamaytirishga qaratilgan.

Yo‘l chetida qoldirilgan yuk mashinalariga jarima joriy etiladi

O‘zbekiston Ichki ishlar vazirligi yuk transporti haydovchilari uchun yangi ma’muriy javobgarlik choralarini taklif etmoqda. Endilikda yuk mashinasini yo‘l chetida qoldirish yoki ruxsat etilmagan joyda to‘xtatganlik uchun – Yo‘l harakati qoidalarida ko‘zda tutilgan istisno holatlardan tashqari – haydovchiga 5 baravar bazaviy hisoblash miqdorida (taxminan 2 million so‘m) jarima qo‘llanishi belgilanyapti. Shu maqsadda Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga o‘zgartirish kiritish nazarda tutilmoqda. Qonun loyihasi jamoatchilik muhokamasiga taqdim etildi.

 

Mazkur tashabbus yo‘l harakati xavfsizligini ta’minlash zaruratidan kelib chiqqan. Og‘ir yuk mashinalari, xususan yarim tirkamalar, ko‘plab hollarda yo‘l belgilarini, chorrahalarni, piyodalar o‘tish joylarini hamda mahalliy yo‘llardan chiqish yo‘laklarini to‘sib qo‘ymoqda. Bu esa boshqa haydovchilar va piyodalarning yo‘l vaziyatiga o‘z vaqtida munosabat bildirishiga xalaqit berib, jiddiy YTHlarga sabab bo‘lish xavfini oshiradi.

 

Bundan tashqari, tungi vaqtlarda yoki yomon ob-havo sharoitida yo‘l chetida to‘xtab qolgan yuk mashinalarini yengil avtomobillar haydovchilari kech payqaydi. Ko‘plab hollarda bunday transport vositalarida xavf chiroqlari yoqilmagan yoki favqulodda to‘xtash belgisi qo‘yilmagan bo‘lib, bu qo‘shimcha xavf tug‘diradi.

 

Taklif etilayotgan jarimalar tartibni mustahkamlash, intizomsizlikning oldini olish hamda eng muhimi, barcha yo‘l harakati qatnashchilarining hayotiy xavfsizligini ta’minlashga qaratilgan. Mazkur chora yo‘l chetida tartibsiz qoldirilgan yuk transporti sonini kamaytirishga va yo‘llarda yuzaga kelayotgan favqulodda holatlarning oldini olishga xizmat qiladi.

Kategoriyalar

Bog'lanish uchun

+998 (71) 207-21-28

Elektron manzil

info@zamon.uz

Shahodatnoma

№1346 Berilgan sana: 28.05.2020

Asoschisi

ООО Master Media Production and Broadcast

Tahririyat manzili

Toshkent sh., Amir Temur shoh ko'chasi, 53 uy

Яндекс.Метрика