1. Bosh sahifa
  2.  / 
  3. Jamiyat

Yo‘llardagi “o‘y-xayolchilar”: Avtohalokatlarning necha foizi piyodalar sabab sodir bo‘lmoqda?

Yo‘lini qisqartiraman deb, belgilanmagan joydan o‘tayotgan va oqibatda, hayotini xavf ostiga qo‘yayotganlar qismati haqida.

Yo‘llardagi “o‘y-xayolchilar”: Avtohalokatlarning necha foizi piyodalar sabab sodir bo‘lmoqda?


“Qars ikki qo‘ldan chiqadi” deganlaridek, yo‘l-transport hodisalari har doim ham haydovchilarning aybi bilan sodir bo‘lavermaydi. Ayrim holatlarda YTH piyodalarning harakati xavfsizligi qoidalarini bilmasligi yoki bila turib, unga rioya etmasligi ortidan ro‘y beradi.


Ochiq ma’lumotlar portalidagi statistikaga ko‘ra, 2021-yilda respublika bo‘yicha 9733 ta avtotransport hodisa sodir bo‘lgan. Shularning 3410 tasi o‘lim bilan (koronavirus bilan vafot etganlar soniga taqqoslaganda 2,5 ming nafarga ko‘p) yakunlangan. Achinarlisi, vafot etganlarning 263 tasi bolalar bo‘lgan.


Tahlillarga ko‘ra, YTHning:


– 45 foizi haydovchilarning qoidalarni mensimasligi;
– 10 foizi haydovchilarning tajribasizligi;
– 25 foizi yo‘l holati va infratuzilmasi talabga javob bermasligi;
– 20 foizi piyodalarning qoidalarga amal qilmasligi oqibatida sodir bo‘lmoqda.


Demak, yo‘llarda yuzaga kelayotgan ko‘ngilsiz hodisalarda piyodalarning ham “o‘z hissasi” bor. Chunki ular belgilanmagan joydan yo‘lni kesib o‘tishi, harakat vaqtida quloqchin va smartfondan foydalanishi, ayrim o‘rinlarda, yo‘l qoidasini bilmasligi ular ishtirokidagi avariyalarni keltirib chiqarmoqda. 


Masalan, 2020-yil 8-may kunining o‘zida piyodaning aytbii bilan 3 ta YTH sodir bo‘lgan:


– Toshkent tumanida “Cobalt” haydovchisi sun’iy yoritilmagan hududda yo‘lning o‘ng tomonidan chap tomoniga o‘tayotgan 50-54 yoshlar atrofidagi piyodani urib yuborgan. Hodica oqibatida piyoda halok bo‘lgan.


– Olmaliq shahrida “Nexia” haydovchisi yo‘lning belgilanmagan joyidan kesib o‘tayotgan piyodani urib yuborgan.
– Angren shahrida “Lacetti” haydovchisi piyodani urib yuborgan.


Bundan tashqari, shu yilning 21-may kuni Samarqand viloyatida “Captiva” haydovchisi yo‘lning piyodalar o‘tish joyidan qulog‘iga quloqchin taqqan holatda velosiped boshqarib borayotgan fuqaroni urib yuborgan.


Shuningdek, 2021-yilning 29-aprel kuni Andijon viloyatida qulog‘iga quloqchin taqqan yigitni poyezd bosib ketgan.


Ko‘pchilik piyodalar yo‘lning o‘tish qismidan quloqchinda musiqa eshitib yoki telefonda gaplashishi oqibatida haydovchining ogohlantirish signaliga e’tibor bermaydi. Ular bu orqali qonunga zid harakat qilibgina qolmay, hayotini ham xavf ostiga qo‘yishadi.


Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 138-moddasiga ko‘ra, piyodalar yo‘lning o‘tish joyidan harakatlanayotganda telefondan foydalanishi, kitoblarni yoki davriy nashrlarni o‘qishi, videomateriallarni tomosha qilishi hamda audiomateriallarni eshitishi, shuningdek, e’tiborni chalg‘itadigan boshqa elektron vositalardan foydalanishi bazaviy hisoblashning uchdan bir qismi miqdorida jarimaga sabab bo‘ladi.


Yo‘l — haydovchidan ham, piyodadan ham intizomni, mas’uliyatni talab etadi. Ikki tomon ham yo‘l qoidalariga amal qilib harakatlansa, sodir bo‘layotgan avtohalokatlar soni kamayadi, albatta.

 

Javohirbek TURSUNOV

Kategoriyalar

Bog'lanish uchun

+998 (71) 207-21-28

Elektron manzil

info@zamon.uz

Shahodatnoma

№1346 Berilgan sana: 28.05.2020

Asoschisi

ООО Master Media Production and Broadcast

Tahririyat manzili

Toshkent sh., Amir Temur shoh ko'chasi, 53 uy

Яндекс.Метрика