2021 yil avgust oyida «Temir daftar»ga kiritilgan oilalarning 18 yoshgacha bo‘lgan har bir farzandi uchun Davlat byudjeti mablag‘lari hisobidan 500 ming so‘m miqdorida bir martalik moddiy yordam ko‘rsatiladi. Bunday oilalarning davlat oliy taʼlim muassasalarida taʼlim olayotgan farzandlariga 2021/2022 o‘quv yilida birinchi o‘quv yili uchun to‘lov-kontraktning to‘liq summasi Davlat byudjeti mablag‘lari hisobidan qoplab beriladi.
«Temir daftar» va «Ayollar daftari»ga kiritilgan oilalar farzandlari hamda «Yoshlar daftari»ga kiritilgan yoshlarga yangi turmush qurayotganida o‘z xonadonida qo‘shimcha uy-joy qurishi uchun 33 mln so‘mgacha garovsiz kredit ajratiladi. Yosh oilalarning ijtimoiy himoyasini kuchaytirish maqsadida ipoteka dasturi doirasida boshlang‘ich badal va foiz to‘lovlari bo‘yicha qo‘shimcha 2 mingta yosh oilaga uy-joy sotib olishi uchun subsidiya ajratiladi.
2021 yil 1 sentyabrdan boshlab:
a) respublikadagi oliy taʼlim muassasalarida to‘lov-kontrakt asosida o‘qiyotgan talabalar uchun MBning asosiy foiz stavkasi miqdorida va o‘qish muddati tugagandan keyin yettinchi oydan boshlab 7 yil muddatda qaytarish shartlari asosida taʼlim kreditlari beriladi;
b) Toshkent shahrida Yoshlar biznes maktabi, 2022 yildan boshlab barcha hududlarda uning filiallari tashkil etiladi;
v) hududlarda yoshlarni muntazam sport bilan shug‘ullanishga jalb qilish maqsadida Olimpiya va Paralimpiya hamda Osiyo va Paraosiyo o‘yinlari, jahon, Osiyo va respublika chempionatlarida oxirgi 5 yilda g‘olib va sovrindor (1-3 o‘rin) bo‘lgan sportchi-trenerlarga, shuningdek, olis va chekka hududlarda faoliyat yurituvchi sportchi-trenerlarga:
-
sport to‘garaklarini tashkil etish uchun tuman va shaharlarda bo‘sh turgan davlat mulki hisoblangan bino va inshootlar elektron savdolar o‘tkazmagan holda, ushbu obyektga nisbatan belgilangan eng kam ijara to‘lovi stavkasining 50 foizi miqdorida ijaraga beriladi;
-
sport to‘garaklarini tashkil etish uchun sport inventarlari, buyumlari va jihozlarini xarid qilish uchun byudjet mablag‘lari hisobidan subsidiyalar ajratiladi;
-
kamida 100 nafar yoshlarni muntazam sport bilan shug‘ullanishini tashkil etgan taqdirda mahalliy byudjet mablag‘lari hisobidan bazaviy hisoblash miqdorining 10 baravaridan kam bo‘lmagan miqdorda har oylik to‘lov joriy etiladi.
Davlat organlari, tashkilot va muassasalarida faoliyat ko‘rsatayotgan nufuzli xalqaro reyting tashkilotlarining yuqori 500 talik ro‘yxatiga kiritilgan xorijiy oliy taʼlim muassasalarini (bakalavriat, magistratura) tamomlagan yoki ularda ilmiy daraja (PhD va unga tenglashtirilgan boshqa ilmiy daraja) olgan yosh mutaxassislarning lavozim maoshiga Davlat byudjeti mablag‘lari hisobidan qo‘shimcha ustamalar to‘lab boriladi.
Nufuzli xalqaro reyting tashkilotlarining yuqori 500 talik ro‘yxatiga kiritilgan xorijiy oliy taʼlim muassasalari ro‘yxati Taʼlim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi tomonidan aniqlanadi.
Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi tomonidan oylik ustamalar tatbiq etiladigan taʼlim yo‘nalishlari, tor mutaxassisliklar hamda davlat organlari, tashkilot va muassasalari ro‘yxati shakllantiriladi.
Oylik ustamalar 2021 yil 1 oktyabrdan boshlab Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi, ish beruvchi va yosh mutaxassis bilan 3 yilgacha bo‘lgan muddatga tuzilgan shartnoma asosida yosh mutaxassisning lavozim maoshiga qo‘shimcha ravishda har oy to‘lab boriladi.
2021/2022 o‘quv yilidan bosqichma-bosqich umumiy o‘rta va o‘rta maxsus, professional va oliy taʼlim muassasalarida axborot texnologiyalari darslari Kembrij dasturi asosida o‘tkazilishi hamda o‘qituvchilarning ushbu dastur asosida qayta tayyorlanishi taʼminlanadi.
2021 yil 1 oktyabrdan boshlab:
a) yoshlarning «Biznesga birinchi qadam» startap g‘oyalari tanlovlarini tashkil etish hamda har bir tuman va shaharda kamida uch nafardan g‘olibga grantlar berish amaliyoti joriy etiladi. Eng yaxshi loyihalarning har biri uchun 200 BHMgacha grant mablag‘lari beriladi va ular 2022-2023 yillarda Davlat byudjetidan 100 mlrd so‘m miqdorida qo‘shimcha ajratiladigan mablag‘lar doirasida amalga oshiriladi;
b) har yili yoshlarga mo‘ljallangan badiiy asarlar mualliflarini rag‘batlantirish maqsadida «Bolalar va yoshlar uchun eng yaxshi kitob» tanlovi tashkil etiladi. Tanlovda g‘olib deb topilgan mualliflarga quyidagi mukofot mablag‘lari ajratiladi:
-
I o‘rin uchun – 100 mln so‘m;
-
II o‘rin uchun – 75 mln so‘m;
-
III o‘rin uchun – 50 mln so‘m.
O‘zbekiston yoshlari va talabalari forumida yoshlarga oid davlat siyosati sohasida belgilab berilgan ustuvor vazifalar ijrosini taʼminlashga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar dasturi tasdiqlandi.


