Aeroportda yukni qabul qilib olish jarayonida O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri o‘rinbosari Behzod Musayev, Sog‘liqni saqlash vaziri Abduhakim Xadjibayev, Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati boshlig‘i, Bosh davlat sanitariya vrachi Bahodir Yusupaliyev, xalqaro miqyosda esa AQSHning O‘zbekistondagi Favqulodda va Muxtor elchisi Deniyel Rozenblyum, USAID ning O‘zbekistondagi missiyasi direktori Mikaela Meredit, YUNISEFning O‘zbekistondagi vakolatxonasi rahbari Munir Mammedzade, Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining O‘zbekistondagi vakolatxonasi rahbari vazifasini bajaruvchisi Kristofer Fitspatrik va boshqa masʼullar ishtirok etishdi.
Maʼlumki, Moderna kompaniyasining koronavirusga qarshi qo‘llaniladigan 3 million 60 doza vaksinasini O‘zbekiston uchun AQSH beg‘araz ko‘mak tariqasida ajratdi.
Aytish lozimki, Moderna Qo‘shma Shtatlarda qo‘llanilayotgan 3 ta vaksinadan bittasi hisoblanadi. Shuningdek, AQSH Kasalliklar nazorati va ularning oldini olish bo‘yicha markazi (SDS) maʼlumotiga ko‘ra, Moderna kompaniyasining vaksinasi 94 foizdan ziyod samaradorlikka ega bo‘lgani holda SOVID-19 virusi yuqishini bartaraf etadi.
Ahamiyatli jihati, Amerikaning Moderna vaksinasi JSST tomonidan favqulodda holatlarda foydalanish uchun tasdiqlangan (Pfizer, Johnson & Johnson kompaniyalarining vaksinalari, shuningdek, AstraZenesa kompaniyasining ikki turdagi preparatidan so‘ng) beshinchi vaksina hisoblanadi. JSST ekspertlar guruhi vaksinaning virusga qarshi 94,1 foiz samarador ekanini taʼkidlab, uni 18 yoshdan katta bo‘lgan barcha aholi guruhlari uchun tavsiya qilgan.
JSSTning maʼlumotiga ko‘ra, vaksina ko‘p dozali flakonda –25ºS dan –15ºS gacha bo‘lgan muzlatilgan suspenziya sifatida yetkazilsada, flakonlarni birinchi dozani olishdan oldin 30 kungacha 2–8°S haroratda sovutgichda saqlash mumkin. Bu degani preparatni joylarga yetkazish uchun sovuqlik zanjirini taʼminlovchi uskunalar bo‘lishi har doim ham shart emas. Uni oddiy sovutkichda ham saqlasa bo‘ladi. Mazkur vaksina teri ostiga yuboriladi, emlash 28 kunlik interval bilan ikki dozadan iborat.


