O‘zbekiston energetika tarmog‘ini modernizatsiya qilish natijasida 2026 yilgacha davlat-xususiy sheriklik asosida umumiy qiymati 12 milliard dollarlik 29 ta loyiha ishga tushirilishi taʼkidlandi. Ular qo‘shimcha 71 milliard kilovatt-soat elektr energiyasi ishlab chiqarish imkonini yaratadi, yiliga 12 milliard kub metr tabiiy gaz tejaladi.
Davlatimiz rahbari elektr stansiyasini bunyod etishda qatnashgan muhandis va quruvchilarga minnatdorlik bildirdi. So‘ng Prezident Shavkat Mirziyoyev va Prezident Rajab Toyyib Erdog‘an ramziy tugmani bosib, Qibray tumanidagi issiqlik elektr stansiyasini ishga tushirdi va Xovos tumanidagi issiqlik elektr stansiyasi qurilishini boshlab berdi.
Qibraydagi IES quvvati 240 megavatt bo‘lib, yiliga 2 milliard kilovatt-soat energiya ishlab chiqaradi.
Xovos tumanidagi yangi issiqlik elektr stansiyasi 220 megavatt quvvatga ega, unda yiliga 1 milliard 700 million kilovatt-soat elektr energiyasi ishlab chiqariladi.


