Vazirlar Mahkamasi “Toshkent shahar bolalar ko‘p tarmoqli shifoxonasini tashkil etish to‘g‘risida” qaror qabul qildi. Unga muvofiq, Toshkent shahar hokimligining “Toshkent” MFY Yangi aylanma yo‘li manzilida joylashgan “Zangiota-2” shifoxonasi o‘rnida davlat byudjetidan moliyalashtiriladigan davlat muassasasi shaklidagi 500 o‘ringa mo‘ljallangan Toshkent shahar bolalar ko‘p tarmoqli shifoxonasi tashkil etiladi.
“Zangiota-2” shifoxonasining bino va inshootlari tegishli hududi bilan Bolalar shifoxonasiga operativ boshqaruv huquqi asosida bepul beriladi.
Shifoxonaning asosiy vazifalari quyidagilardan iborat bo‘ladi:
— 18 yoshgacha bo‘lgan bolalarda zarur tibbiy tekshiruvlarni o‘tkazish, ularga yuqori malakali tibbiy-konsultativ hamda ixtisoslashtirilgan stasionar yordamini ko‘rsatish;
— tuman tibbiyot birlashmalariga amaliy-metodik yordam berish;
— Toshkent shahar tibbiyot muassasalari amaliyotiga zamonaviy tibbiyot texnologiyalari va boshqaruv usullarini joriy etishda ko‘maklashish;
— tibbiyot xodimlarini tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirishda ishtirok etish.
2024-yil 1-sentabrga qadar Bolalar shifoxonasining bino va inshootlarida zarur qurilish hamda ta’mirlash ishlarini amalga oshirilib, bolalarga tibbiy yordam ko‘rsatishga moslashtiriladi.


