Ijtimoiy tarmoqlarda metan “zapravka”larda navbatning uzayib borayotgani, bunga bir qator metan “zapravka”larning yopiqligi sabab boʻlayotgani, mazkur vaziyat metan narxining oshishidan darak boʻlishi mumkinligi haqida turli xabarlar tarqaldi. Holat yuzasidan Energetika vazirligi ma'lumot berdi.
Ma'lum qilinishicha, respublikadagi barcha metan “zapravka”larga avgust oyi uchun ularning talablariga asosan belgilangan limitga koʻra, tabiiy gaz toʻliq yetkazib berilgan. Hech qanday cheklov kiritilmagan.
"Qaysidir metan ’zapravka‘ oʻz faoliyatini vaqtincha toʻxtatib turgan boʻlsa, demak, bu qandaydir texnik sabablar yoki boshqa bir omil tufayli boʻlishi mumkin. Shuningdek, avval taʼkidlaganimizdek, metan ’zapravka‘larda sotiladigan bir kub gaz uchun belgilangan narx oshgani yoʻq", — deyiladi xabarda.
Vazirlikning eslatishicha, aholi va boshqa toifadagi isteʼmolchilar qonunchilikda oʻrnatilgan tartibda belgilangan muddatlarda tabiiy gaz narxining oshirilishi haqida avvaldan ogohlantiriladi.


