1. Бош саҳифа
  2.  / 
  3. энг долзарб

Alifbo yana o‘zgardi: Mutaxassislar bunga nima deydi?

Psixolingvist sifatida bir tovushga bir harf tamoyili noreal ekanligini aytmoqchiman. Har bir tovush so‘z ichida atrofini qurshab turgan tovushlar ta'sirida turlicha talaffuz qilinadi. Shuning uchun bir tovushga bir harf bo‘lishi tabiiy ravishda imkonsiz.

Alifbo yana o‘zgardi: Mutaxassislar bunga nima deydi?

 

Yorqinjon ODILOV,

O‘zFA O‘zbek tili, adabiyoti va folklori

instituti bo‘lim mudiri,

filologiya fanlari doktori, professor:

 

“Amaldagi alifboning tegishlicha o‘zgartirish va to‘ldirishlar bilan takomillashtirilishi yozuv amaliyotini osonlashtiradi, “Imlo qoidalarida” istisnoli holatlar yuzaga kelishining oldini oladi, milliy alifbomizning ilmiy-ta’limiy jihatdan puxta bo‘lishini ta’minlaydi va pirovardida mamlakatimizda lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosiga to‘liq o‘tish borasidagi ishlarni jadallashtiradi”.

 

 

Shuningdek, olim loyiha tayyorlanishi sabab bo’lgan zaruriyatlar haqida to‘xtalib o‘tgan:

 

birinchidan – amaldagi alifboda o‘, g‘ harflarini kompyuterda yozish uchun bir nechta ortiqcha amallarni bajarish lozim edi. Bunday ortiqcha amallardan qochish yoki ko‘pincha o‘, g‘ harflaridagi ‘ belgisini ’ – apostrof deb tushunilishi natijasida O’zbekiston, o’zbek, o’lka, G’ayrat, g’alaba, g’olib kabi imloviy xatolar bolalagandan-bolalamoqda. Yana bir jihat: ona tili ta’limda agar urg‘u tushgan bo‘g‘in tarkibida o‘, g‘ harflari bo‘lsa, bu harflardagi ‘ belgisi bilan urg‘u belgisi yonma-yon joylashadi hamda so‘zni va urg‘u tushgan bo‘g‘inni ilg‘ash qiyinlashadi. Ushbu harflarning yozma shakli esa ayni harflarning amaldagi yozma shakllari bilan yaqinligi sababli 1-sinf o‘quvchilarining ularni o‘zlashtirishiga to‘siq bo‘lmaydi.

 

ikkinchidan – mavjud tajriba amaldagi alifbomizdagi sh, ch harfiy birikmalarini bir tovush – bir harf tamoyiliga muvofiq tuzatish zarurligini ko‘rsatdi; to‘g‘ri, shu vaqtga qadar bu harfiy birikmalardan foydalanib keldik, ammo qo‘sh harflilik muammosi “Imlo qoidalari”ga turli istisnolarni kiritdi. Mo‘tabar, mo‘tadil, mo‘jaz, mo‘jiza so‘zlarining tutuq belgisi qo‘yilmay yozilishi ham “Imlo qoidalari”ga kiritilgan istisnolardan biridir;

 

uchinchidan – o‘zbek tilidagi Is’hoq, as’hob so‘zlarini Is‘hoq, as‘hob tarzida to‘g‘ri yozish uchun, albatta, s va h harflari orasiga tutuq belgisi qo‘yilishi kerak bo‘lib, bu ham amaldagi alifboni o‘zlashtirishda, ayni alifboda to‘liq ish yuritishda qiyinchilik tug‘dirar edi. Bu qoidani bilmaslik oqibatida Is‘hoq, As‘hobiddin ismlarining Ishoq, Ashobiddin tarzida yozilishidek nodurust holatlar ko‘payib bormoqda;

 

to‘rtinchidan – amaldagi o‘zbek-lotin alifbosida so‘z boshida kelmaydigan “ng” tovushi uchun Ng bosh harfi ham ajratilgan edi. Biroq o‘zbek tili lug‘at tarkibida ayni harf bilan boshlanadigan so‘zlar yo‘q. Shu bois loyihada so‘z ichida va so‘z oxirida keladigan “ng” tovushi uchun kichik ng harfnigina alifboga kiritish zaruriyati yuzaga keldi.

 

Tilshunos Eldar Asanov Telegram ijtimoiy tarmog’ida kinoyali izoh qoldirgan:

 

“Bu – men täklif qılğan alifbāda yazılğan bitik. Üşbü alıfbāda ünlilärni ifādalavçı 10 ta harf bar:

 

Arqa qatār ünliläri üçün: a, ā, u, ı, o.

 

Ald qatār ünliläri üçün: ä, ü, i, e, ö.

 

Ā - fārs tilidän ötgän arqa qatār yapıq ünli. Faqat fārsça vä arabça sözlärdä işlätilädi.

 

Singarmonizm bar. Şü bāis här bir qoşımcaniŋ ikki şäkli bar. Qoşımçalarnı toğrı qollaş üçün sözlärniŋ vokal tärkibi yumşaq yā qattıqlığını biliş keräk. Şüniŋdek, arabça vä fārsça sözlärni biliş vä şüŋgä qarab ā harfını toğrı işlätiş keräk boladı.

 

Aytaylik, o‘zbek tili uchun mana shunaqa alibfo qabul qilinsa, shunga yarasha adabiy tilning tovush tarkibi, so‘zlarning yozilishi, talaffuzi, boshqa jihatlari o‘zgarsa, uni keng omma qabul qila olarmidi? Buni joriy etishga qancha vaqt ketardi? Eski matnlarni bunga o‘girish qanday kechardi? Nima deb o‘ylaysiz?”

 

Yana bir tilshunos, til bo’yicha mutaxassis Orif Tolib bu o’zgarishni uzoq kutganini yashirmaydi:

 

Nihoyat yechimga yaqinmiz!

 

Ayni paytda “Lotin yozuviga asoslangan oʻzbek alifbosini takomillashtirish masalalariga bagʻishlangan ilmiy-nazariy konferensiya” boʻlib oʻtyapti.

 

Muammoli 4 harfni oʻzgartirish boʻyicha takliflar:

 

Oʻ – Õ

Gʻ – Ğ

Ch – C

Sh – Ş

 

Boʻldi. Boshqa oʻzgarish yoʻq.

 

Choʻzilmay, tez orada amalga kirsa yaxshi boʻlardi. Menga maʼqul.

 

Shu 4 ta harfning qiyinchiligini koʻp tortganman. Isloh boʻyicha oʻzim ham takliflar bergandim. Unga toʻliq mos kelmasa-da, shu holatiga ham roziman. Murosa ham kerak. Bu yerda imkon qadar kam oʻzgartirish kiritish, noroziliklarni ozaytirish koʻzda tutilgan.

 

Bu oʻrinda soʻzimiz bir joydan chiqishi kerak. Xorazmcha aytganda, ogʻzibirchilik zarur”.

 

Lingvist Iroda Azimova esa alifbo o’zgarishiga qarshi:

 

“O‘zi bu mavzu o‘ta nozik mavzu bizda. Besh-olti yil avval facebookda faol ravishda o‘zgartirmaslik kerakligi haqida fikr bildirib, himoya qilganman. Shuncha vaqt olib borilgan bahs-munozaralardan keyin baribir alifboni o‘zgartirish qaroriga kelishyapti.

 

Quyidagi fikrlarni shu yilning fevral oyida yozgan ekanman:

 

"O‘zbekiston tarixi" kanalida alifbo masalasi muhokama qilinyapti. Yana.

Tarixchilar unlilarning yumshoq va qattiq shakllari uchun alifboda harf bo‘lishi kerakligini ta'kidlashdi. Bu tilning go‘zalligini saqlash va avlodga yetkazish zarurligi, bu qadriyat sifatida muhim, bir tovushga bir harf tamoyilidan kelib chiqish kerak, degan argumentlar keltirishyapti.

 

Psixolingvist sifatida bir tovushga bir harf tamoyili noreal ekanligini aytmoqchiman. Har bir tovush so‘z ichida atrofini qurshab turgan tovushlar ta'sirida turlicha talaffuz qilinadi. Shuning uchun bir tovushga bir harf bo‘lishi tabiiy ravishda imkonsiz.

 

Ikkinchi masala, ta'lim masalasi. O‘zi shunday ham jamiyatimizda bolalarni o‘zbek tilida ta'lim beruvchi maktablardan rus tilida ta'lim beruvchi maktablarda o‘qitish ishtiyoqi kuchli. Biz go‘zal tilimizni o‘rgataylik deb, uning hozirgi, kimlargadir go‘zal tuyulmayotgan holatini ham yetkazishdan mahrum bo‘lib qolishimiz mumkin. Chunki alifboni yana o‘zgartirish yana beqarorlik degani, yana savodxonlik tushib ketadi degani. O‘zi shunday ham bolalarini rus maktabiga berayotgan, kelajakda bolamga o‘zbek tili kerak bo‘lmaydi deb hisoblayotgan ota-onalar alifbo o‘zgarishi haqida bilsa, qarori yanada qat'iylashadi. Rus maktabiga berayotganda aynan alifbo bo‘yicha bir qarorga kelinmaganligini sabab qilishganiga guvoh bo‘lganman.(O‘g‘lim maktabga chiqqanida o‘sha xususiy maktabda o‘zbek tilida o‘qiydigan sinf ikkita, rus sinfi esa bir necha baravar ko‘proq edi. Oradan to‘rt yil o‘tib, o‘sha maktabda bu yil bittagina o‘zbek sinf, 5 ta rus, 4 ta ingliz tilidagi sinf ochilgan).

 

Uchinchi masala, til HAR DOIM o‘zgaradi. Bunga turli omillar ta'sir qiladi. Tilimizni manguga o‘zgarishsiz saqlab qololmaymiz.

 

Shunday ekan, biz til go‘zalligini saqlashdan ko‘ra unda yetkaziladigan bilimning qadrini oshirish haqida ko‘proq qayg‘urishimiz kerak, deb hisoblayman.

 

P.S. Katta ehtimol bilan mening fikrim hech narsani o‘zgartirmaydi. Ammo mulohazalarimni bildirishni mutaxassis sifatidagi burchim deb bildim”.

 

Siz alifbo o’zgarishiga qanday munosabatdasiz?

Категориялар

Боғланиш учун

+998 (71) 207-21-28

Электрон манзил:

info@zamon.uz

Шаҳодатнома

№1346 Берилган сана: 28.05.2020

Асосчиси

ООО Master Media Production and Broadcast

Таҳририят манзили

Tошкент ш., Амир Темур шоҳ кўчаси, 53 уй

Яндекс.Метрика