Xalq banki matbuot xizmati ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan “bank filialida 2 million dollarga yaqin omonat pullari talon-taroj qilindi” mazmundagi xabarlar yuzasidan quyidagilarni ma’lum qiladi.
Bank tomonidan o‘rganishlar natijasida ta’kidlanishicha, mazkur pul miqdori va ularning bank omonati ekanligi haqidagi ma’lumotlar to‘liq yoki qisman haqiqatga mos kelmaydi.
Qashqadaryo viloyati mintaqaviy markazining bir xodimi fuqarolarning ishonchidan foydalanib, aldov yo‘li bilan ularning mablag‘larini olib, shaxsiy ehtiyojlari uchun sarflagani aniqlangan. Shu bilan birga, mazkur pullar fuqarolar tomonidan bank xizmatlari markazlarida rasmiy omonat hisobvarag‘iga yoki omonat shartnomasi asosida topshirilmagan.
Bankning ichki nazorat organlari holatni aniqlab, tegishli huquqni muhofaza qiluvchi organlarga murojaat qilgan. Hozirda tergovgacha surishtiruv ishlari olib borilmoqda. Ushbu xodim bilan tuzilgan mehnat shartnomasi bekor qilingan.


