Yaqin kunlarda ijtimoiy tarmoq va messenjerlar orqali “Biz betonga ham daraxt ekvororamiz!” sarlavhasi ostida xabarlar tarqaldi. Bu keng jamoatchilik muhokamasiga sabab bo‘ldi. Ushbu holat ekologiyaga befarq bo‘lmagan kuzatuvchilar bilan birgalikda mutasaddi vakillarining ham eʼtiboridan chetda qolmadi.
Jizzax viloyati ekologiya va atrof muhitni muhofaza qilish boshqarmasi tomonidan holat yuzasidan o‘rganish ishlari olib borildi. Izlanishlar natijasida haqiqatdan ham Mirzacho‘l tumani Gagarin shaharchasi “Do‘stlik” MFY Xalqlar Do‘stligi ko‘chasining ikki tomoniga ekilgan 75 tup daraxtlar atrofi yo‘lak qurish ishlari davomida betonlab yuborilgani aniqlandi.
Mazkur hududda 38 tup archa, 7 tup yasen, 1 tup tut, 1 tup akatsiya, 1 tup gilos, 4 tup qayrag‘och, 7 tup “Eldor” qarag‘ayi va 12 tup aylant daraxtlari mavjud bo‘lgan.
Maxsus guruh tomonidan beton buzib tashlandi va daraxtlar “ozodlikka chiqarildi”. Endilikda daraxtlarning tagi yumshatilib, parvarish qilinmoqda.
Daraxtlarni siqib qo‘ygan yo‘lak “Fayz-Baraka” MCHJ tomonidan qurilgan edi. Tashkilotning ushbu xatolikka yo‘l qo‘ygan xodimlariga nisbatan bayonnoma rasmiylashtirildi va belgilangan tartibda jarimaga tortildi.
Maftuna Rejabboyeva tayyorladi


