Turkiyaning Zong‘uldak viloyati sohillarida kutilmagan hodisa yuz berdi. Istanbulda qurilgan va qiymati qariyb 1 million dollar bo‘lgan “Dolce Vento” nomli hashamatli yaxta suvga tushirilgach, atigi 15 daqiqa ichida muvozanatni yo‘qotib, cho‘kib ketgan. Bu haqda Fox News xabar berdi.
Ma’lum bo‘lishicha, 26 metr uzunlikdagi ushbu yaxta yangi egasiga topshirilgach, sinov tariqasida dengizga chiqarilgan. Ammo suvga tushirilganidan ko‘p o‘tmay, kemaning muvozanati buzilgan va u tezda yon tomoniga og‘ib, scho‘kish boshlagan.
Vaziyat keskinlashgach, yaxta egasi, kapitan va ikki nafar ekipaj a’zosi suvga sakrab, qirg‘oqqa chiqishga muvaffaq bo‘lgan. Hodisa chog‘ida ular hech qanday jarohat olmagan. Voqea guvohlari ham videoga tushirib, ijtimoiy tarmoqlarda tarqatishgan.
Turkiya qirg‘oq qo‘riqlash xizmati va port xodimlari tezkorlik bilan hodisa joyiga yetib borib, xavfsizlik choralarini ko‘rgan. Hozirda voqea sabablari o‘rganilmoqda. Mutaxassislarning aytishicha, kemaning cho‘kib ketishiga texnik nuqson, muvozanatdagi xatolik yoki inson omili sabab bo‘lgan bo‘lishi mumkin.


