Bu haqda Qashqadaryo viloyat IIB xabar berdi.
Aniqlanishicha,Chiroqchi tumani “Dam” MFYda yashovchi X.U. tanishi X.B. bilan oldindan o‘zaro jinoiy til biriktiradi. Ularning avvaldan kelishilgan rejasiga asosan joriy yilning 31-avgust kunidan 1-sentyabr kuniga o‘tar kechasi fuqaro M.E.ning nomiga rasmiylash tirilgan, o‘zining foydalanuvida bo‘lgan “Vaz 2106” rusumli 70 V 630 YeA davlat raqam belgili avtomashinasini Chiroqchi tumani “Dam” MFYda yashash uyi oldidan shu qishloqda yashovchi Q.J.ning uyini orqa tomoniga boshqarib olib borib, avtomashinani ochiq holatda qoldirib, “102” operator raqamiga qo‘ng‘iroq qiladi.
Fuqaro X.U. navbatchi operatorga, guyoki, “Vaz 2106” rusumli 70 V 630 YeA davlat raqam belgili avtomashinasini uyi oldida ochiq holatda qoldirilganini, kech soat 02:00 larda avtomashinasini noma’lum shaxslar olib ketganini aytib, aybdor shaxslarni aniqlashda ko‘mak so‘raydi. Shuningdek, ularga nisbatan qonuniy chora ko‘rilishini so‘rab, jinoyat to‘g‘risida aniq bila turib, yolg‘on xabar beradi.
Fuqaro X.U. “102” operator raqamiga qo‘ng‘iroq qilganida operator tomonidan yolg‘on xabar berish, ya’ni Jinoyat kodeksining 237-moddasi va 238-moddalari bilan javobgarlik mavjudligi to‘g‘risida ogohlantirilishiga qaramay, yolg‘on xabar bergan.
Murojaat bo‘yicha olib borilgan tergovga qadar tekshiruv harakatlari davomida to‘plangan hujjatlarga ko‘ra, “Vaz 2106” rusumli 70 V 630 YeA davlat raqamli avtomashina noma’lum shaxslar tomonidan olib qochilmagani, aksincha, avtomobil arizachi X.U. tomonidan ayblovning sun’iy dalillarini vujudga keltirgan holda, yashash uyidan uzoq joyga olib borib qo‘yilgani aniqlangan.
Mazkur holat yuzasidan Chiroqchi tumani IIO FMB huzuridagi tergov bo‘limi tomonidan X.U. va X.Blarga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, JPKning 221-moddasi tartibida ushlanib, qamoq ehtiyot chorasi qo‘llanilgan.
Hozirda Chiroqchi tumani IIO FMB huzuridagi tergov bo‘limi tomonidan jinoyat ishi bo‘yicha dastlabki tergov harakatlari davom ettirilmoqda.


