O‘zbekistonda 11-fevral, chorshanba kuni soat 09:00 dan boshlab metan zapravkalar odatiy ish rejimida faoliyat yurita boshlaydi. Bu haqda Energetika vazirligi ma’lum qildi.
Vazirlik axborotiga ko‘ra, respublikaning barcha hududlarida, jumladan Farg‘ona vodiysida ham metan zapravkalar bosqichma-bosqich avvalgi tartibda ishlashni boshlaydi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq 2-fevraldan boshlab metan zapravkalar faoliyati vaqtincha cheklanib, ular soat 10:00 dan 16:00 gacha ishlashi belgilangan edi. Farg‘ona vodiysida esa ish jadvali hududiy hokimliklar bilan kelishilgan holda, gaz bosimidan kelib chiqib tartibga solingan.
Shuningdek, ijtimoiy soha obyektlariga xizmat ko‘rsatuvchi maxsus texnika va jamoat transportlari uchun gaz ta’minoti ushbu davrda ham uzluksiz va cheklovlarsiz ta’minlangan.


