
Reja kimniki va u qanday boshlangan?
2001-yil 11-sentabr kuni soat 7:59 da American Airlines aviakompaniyasining Bostondan uchgan navbatdagi reysida 5 nafar terrorchi borligi hech kimning xayoliga kelmagan bo‘lsa kerak. Misrlik Muhammad Atta boshchiligidagi jangarilar samolyotni olib qochish maqsadida reja harakat qila boshladi.
AQSHga qarshi terakt uyushtirish rejasi 5 yil avval ishlab chiqilgandi. Bu g‘oya asli pokistonlik bo‘lgan Xolid Shayx Muhammadga tegishli bo‘lgan. Xolid terrorchilarga dastlab uchuvchilikni o‘rgatadi. Agar shunday qilinsa, samolyotlarni olib qochish mumkin bo‘lar va u jangarilar qo‘lida qurolga aylanar edi.
Bu reja “Al-Qoida” yetakchisi Usama ben Ladenga maʼqul tushadi. Asta-sekinlik bilan teraktga tayyorgarlik boshlanadi.
11-sentabr kuni Muhammad Atto guruhidan tashqari Amerika bo‘ylab yana 3 ta samolyot olib qochiladi. Soat 9:30 gacha terrorchilar 4 ta samolyotni qo‘lga kiritishga muvaffaq bo‘ladi.
Hujum qayerga mo‘ljallangan?
Xolid Muhammad Shayx ko‘rsatmasiga ko‘ra, terakt nishoni sifatida uch turdagi obyekt – harbiy, siyosiy va moliyaviy ahamiyatga ega inshootlar tanlangan. Shu sababli Pentagon ( AQSH Mudofaa vazirligi), Oq Uy (AQSH Prezidenti qarorgohi) va Jahon savdo markazi (moliyaviy-iqtisodiy turdagi nishon sifatida)ga hujumlar rejalashtiriladi.
Soat 8:46 da dastlabki portlash sodir bo‘ladi: samolyot Jahon savdo markazining shimoliy minorasi — 110 qavatli binoning 93-99- qavatlariga urilib portlaydi . Shu joyning o‘zida yuzlab insonlar qurbon bo‘ladi.

Oradan yigirma daqiqa o‘tmay, ikkinchi samolyot “egizak minoralar”ning janubiy binosiga borib urildi.

AQSHning o‘sha paytdagi Prezidenti Jorj Bush bu paytda Florida shtatida maktab o‘quvchilari bilan uchrashuv o‘tkazayotgan edi. Har ikki holat haqida ham unga zudlik bilan maʼlumot berishganda prezident o‘zini yo‘qotmagan. Bush keyinchalik bergan intervyusida bu voqealarni yodga olib: “Yon-atrofimdagilarni vahimaga solish, o‘tirgan stulimdan otilib turib, butun sinfni qo‘rqitish, fojeani chuqurlashirishni istamadim, qulay fursatni kutishni afzal bildim”, degan edi.

Pentagonga hujum
Soat 9:30 dan oshganda samolyotlardan biri Vashingtonga kirib keldi. Vashington aeroporti xodimlari samolyot Oq Uy tarafga yo‘l olganini maʼlum qildi. AQSH vitse-prezidenti zudlik bilan maxfiy yerosti bunkeriga olib tushiladi.

Ammo samolyot kutilmaganda yo‘nalishini o‘zgartiradi va Pentagon binosiga kelib uriladi. Vujudga kelgan portlash oqibatida 64 yo‘lovchi va 125 nafar mudofaa vazirligi xodimi halok bo‘ldi.
Jorj Bush keyinchalik uchinchi portlash uning fikrini o‘zgartirganini aytgan edi. ”Birinchi samolyot avriya bo‘lishi mumkin edi. Ikkinchi portlash hujum, uchinchisi esa bizga qarshi urush eʼlon qilingani belgisi bo‘ldi”, deb qayd etgan sobiq prezident.
To‘rtinchi samolyot maqsadga erisha olmadi. So‘nggi damda u Pensilvaniyadagi bo‘sh yerga borib urildi. Oqibatda barcha yo‘lovchilar halok bo‘ldi.
11-sentabr voqealari insoniyat tarixida eng mudhish terakt bo‘lib qoldi. Uning natijasida 3 mingdan ortiq odam qurbon bo‘ldi. Terakt nafaqat AQSH, balki butun insoniyat ruhi, ongi va qarashlariga qattiq taʼsir qildi.
Geosiyosiy oqibatlar
Vashington hujumlarni jiddiy qabul qildi va “Terrorga qarshi doktrina” ishlab chiqdi. Buning natijasida AQSH 2001-yil Afg‘onistonga, 2003-yil Iroqqa qo‘shin kiritdi. Bu urushning yakuni maʼlum: har ikki davlatda ham katta muvaffaqiyat qozona olmadi. Aksincha, 2021- yilda Vashingtonning Afg‘onistonni tark etishi tufayli turli radikal guruhlar yana-da faollashdi.

11-sentabr insoniyat tarixining yangi davrini boshlab berdi. Mashʼum terakt oqibatlari hali uzoq yillar eslanishi va maʼlum maʼnoda saboq bo‘lishi shubhasiz.

Jahongir Qo‘ziyev


