Ijtimoiy tarmoqlarda 147-sonli "Yutong" rusumli avtobusda tutun hosil bo'lgani haqida xabar tarqaldi. Mazkur holat yuzasidan “Toshshahartransxizmat” AJ ma'lumot berdi.
Ma'lum qilinishicha, "18-Avtobus saroyi" filiali tasarrufidagi 147-sonli "Chorsu savdo markazi-Chinni bozor" avtobus harakatlanayotgan vaqtda, avtobusning sovutish tizimi (konditsioner) kompressoridagi nosozlik tufayli sovutish tizimi (konditsioner) tasmasi (remeni) ishqalanishi hisobiga tutun hosil bo'lgan. Natijada, avtobus haydovchisi tomonidan nosozlikni bartaraf etish maqsadida, avtobus "18-Avtobus saroyi" filialiga olib borilgan.
Hodisa oqibatida yo'lovchilarga va atrofdagilarga zarar yetmagan. Ta'kidlanishicha, hozirda ushbu avtobusning texnik nosozligi bartaraf etilgan hamda yo’nalishda xizmat ko’rsatishda davom etmoqda.


