1. Bosh sahifa
  2.  / 
  3. O'zbekiston

1,5 milliard dollarlik investitsiya, anʼanaga aylangan konferensiyalar va modalar namoyishi

Samarqand shahrida to‘qimachilik sohasi vakillarining yillik anjumani davom etmoqda.

1,5 milliard dollarlik investitsiya, anʼanaga aylangan konferensiyalar va modalar namoyishi

Xabaringiz bor ayni kunlarda Samarqand shahrida dunyo to‘qimachilik sanoatining ikki yirik tashkiloti - Xalqaro to‘qimachilik ishlab chiqaruvchilar federatsiyasi (ITMF) va Xalqaro kiyim-kechak federatsiyasining (IAF) yillik anjumani bo‘lib o‘tmoqda. Kuni kecha o‘z ishini boshlagan konferensiya ishida bir qancha taklif va tashabbuslar ilgari surilib, qator hamkorlik bo‘yicha kelishuvlarga erishilmoqda.

 

Global anjuman doirasida dunyo to‘qimachilik sanoatining nufuzli eksport, riteillar, va yirik brend egalari o‘zlarining maruzalari bilan qatnashmoqda.

 

Dastlab konferensiyaning ochilishida O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri o‘rinbosari Jamshid Xodjayev Prezident Shavkat Mirziyoyevning ishtirokchilarga yo‘llagan tabrigini o‘qib eshittirganidan so‘ng, ishtirokchilar Amerika kiyim-kechak va poyafzal assotsiatsiyasi (AAFA) Prezidenti Stiven Lamar, Yevropa kiyim-kechak va to‘qimachilik Konfederatsiyasi (EURATEX) Dirk Vantigem va ko‘plab sanoat rahbarlari, jumladan, Sotton Analytiss (AQSH) va Indorama korporatsiyasi (Singapur) vakillari nutqlarini tinglashdi. Shuningdek, sunʼiy intellekt, tartibga solish, raqamlashtirish, ESG va taʼminot zanjirlari kabi mavzular muhokama qilindi.

 

— Keyingi vaqtlarda davlatimiz rahbarining eʼtiborlari va tashabbuslari bilan Samarqand shahrida bir qator bunyodkorlik ishlari amalga oshirildi, - dedi Samarqand viloyat hokimi Erkinjon Turdimov. Sayyohlarga qulay sharoitlar yaratish maqsadida qator loyihalar ishga tushirildi. Samarqand hozirda yana-da jozibador shaharga aylandi. Shu bilan birga xalqaro konferensiyalarning o‘tkazilishi ham odatiy anʼana tusiga kirdi. To‘qimachilik sohasi vakillari ham shahar bilan yaqindan tanishishmoqda. Hozirda ular yaratilgan imkoniyatlarni ko‘rib, birga hamkorlikda ish olib borishlikni lozim topishmoqda. Tekstil sohasida O‘zbekistonda qulay investitsion muhit yaratilmoqda. Bu borada raqamlarning yildan yilga o‘sib borayotganligini ham kuzatishimiz mumkin. birgina shu yilning o‘zida Samarqand viloyatiga 1,5 milliard dollar miqdorida to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar kirib kelmoqda. Shuningdek, viloyatda ish kuchi bilan birga xomashyo ham yetarli.

 

ITMF va IAF o‘zi nima?

 

Xalqaro to‘qimachilik ishlab chiqaruvchilari Federatsiyasi (ITMF) to‘qimachilik ishlab chiqaruvchilarining vakili bo‘lgan global savdo birlashmasi. ITMF butun dunyo bo‘ylab to‘qimachilik ishlab chiqaruvchilari o‘rtasida aloqa va hamkorlikni rivojlantiradi, sanoatning o‘sishi va barqarorligini taʼminlaydi.

 

Xalqaro kiyim Federatsiyasi (IAF) kiyim sanoati uchun yetakchi global birlashma hisoblanadi. IAF xalqaro muloqot va hamkorlik orqali sohani rivojlantirishni qo‘llab-quvvatlaydi, sohadagi asosiy muammolar va imkoniyatlarni hal qiladi.

 

— To‘qimachilik konferensiyasi har yili turli davlatlarda bo‘ladi. Biz ham doim mazkur tadbirda ishtirok etib kelamiz, - dedi xitoy taipeilik Chen-Yi Huang. O‘zbekistonda birinchi marta bo‘lishim. Bu kelishimizdan asosiy maqsad to‘qimachilik sohasida ko‘proq maʼlumotlarga ega bo‘lish va yangi hamkorlar topish. Faoliyatimiz asosan sunʼiy intellekt yordamida maʼlumotlarni raqamlashtirishdan iborat. Tekstilchilarning mahsulotlarini xaridorlarga yetkazib berishda yordam beramiz. O‘zbekiston bu borada katta salohiyatga ega ekanligi sababli mahalliy ishlab chiqaruvchilar bilan birga yangi loyihalarni yo‘lga qo‘ymoqchimiz.

 

Konferensiya doirasida o‘tkazilgan modalar ko‘rgazmasida xorijiy mehmonlarga mahalliy kiyim brendlari namoyish etildi. Yuqori doirada tashkillashtirilgan ko‘rgazma ishtirokchilar ishtirokchilar tomonidan yuqori baholandi.

 

— Bugungi tadbirda juda katta o‘zgarishlar bor. Ko‘rgazmada o‘zimizning brendlarimizni xorijliklarga yaqindan tanishtirmoqdamiz, - dedi dizayner Abduvohid Umrzoqov. Biz erkaklar va ayollar kostyumi obrazini olib chiqdik. Hozirgi kunda zamonga qarab moda ham o‘zgarib bormoqda. Bu esa bizga bir qancha vazifalarni yuklaydi. Sababi zamonga qarab biz ham rivojlanib borishimiz kerak. Modaga asosan isteʼmolchilarning taʼsiri sabab bo‘ladi. Qaysi talab ko‘proq bo‘lsa, shunga binoan moda ham o‘zgaradi. Moda har doim yangilanib kelgan va jarayon hech qachon to‘xtab qolmaydi.

Kategoriyalar

Bog'lanish uchun

+998 (71) 207-21-28

Elektron manzil

info@zamon.uz

Shahodatnoma

№1346 Berilgan sana: 28.05.2020

Asoschisi

ООО Master Media Production and Broadcast

Tahririyat manzili

Toshkent sh., Amir Temur shoh ko'chasi, 53 uy

Яндекс.Метрика