1. Bosh sahifa
  2.  / 
  3. O'zbekiston

“200 nafardan ortiq kishini urushga tayyorlashdi, ular orasida o‘zbeklar ham bor edi”- ko‘richak bo‘lib urushdan qochgan yigit

O‘zbekistonliklarni narkotik bilan ushlab, urushga yuborish ommalashmoqda. 20 yoshli bekobodlik yigit ham shunday usulning “qurboni” bo‘ldi. Uning psixotrop vositalarini oldi-berdi qilishida andijonlik erkak “kuratorlik” qilgan, har bir “dostavka” uchun o‘rtacha 30 000 rubl (3 mln 600 ming so‘m) to‘lagan. Yigit qo‘lga olinib, tergov hibsxonasiga borganda, “kurator”ning biznesi yoki qarmog‘iga ilingan yolg‘iz o‘zi emasligini bilgan.

“200 nafardan ortiq kishini urushga tayyorlashdi, ular orasida o‘zbeklar ham bor edi”- ko‘richak bo‘lib urushdan qochgan yigit

 

 

Toshkent viloyatida 20 yoshli yigit Rossiya armiyasiga yollanib, jinoiy jazoga tortildi. Zamon.uz sud hujjati bilan tanishdi.

 

Sud hukmida keltirilishicha, Bekobod shahrida yashovchi,  2006-yilda tug‘ilgan D.X. ishlab kelish maqsadida 2025-yil 25-may kuni Moskvaga kelgan. Uni shu yerda ishlayotgan onasi va ukasi kutib olgan. Oila poytaxtning Pushkino shahridagi “Ozon” omborida ishlagan. Iyul oyida ushbu korxonada faqat Rossiya fuqarolari ishlashi mumkinligi belgilanganidan keyin D.X. Telegramʼdagi “Moskvada ish bor” kanalidan haydovchilik bo‘yicha ish topgan. Yigit eʼlon egasiga qo‘ng‘iroq qilganda, andijonlik Akbar Vladivostokda kirakashlik qilish kerakligini, oylik maosh 100 000 rubldan 150 000 rublgacha bo‘lishini tushuntirgan. Yigit onasining qarshiligiga qaramasdan, chipta olib shaharga uchgan. Akbar hamyurtiga aeroport yaqinidagi avtomobilni minib shahar markaziga borishni buyurgan. D.X. “Toyota Aqua”da aytilgan manzilga borib mehmonxonada 3 kun yashagan. 4-kuni Akbar unga qo‘ng‘iroq qilib aeroport tomonda  Artyomda “grechka” borligini, uni Naxodka shahriga yetkazishni aytgan.

 

“Shu kuni 100 gramm sariq paketga o‘ralgan oq rangdagi “grechka”ni boshqa bir andijonlik Azizga olib borib berdim, keyin Akbar menga ish haqi sifatida   30 000 rubl berdi. Shu tariqa, Akbarning topshirig‘i bilan doimiy ravishda Artyomdan psixotrop vositalarni olib aytilgan manzillarga tashirdim. Lokatsiyasini Akbarga jo‘natib turardim. Dastlab, 100 gramm, keyin 1 kgdan 3 kggacha bo‘lgan tovarlarni “dostavka” qilardim. Shu orada, Akbar mendan 140 000 rubl qarz bo‘lib qoldi va ishlamasligimni aytdim. U 3-4 kunda ish bo‘lishini, so‘ngra qarzini uzishini bildirdi”, - deydi D.X. suddagi ko‘rsatmasida.

 

Bekobodlik yigit Naxodka shahrida  Akbar orqali andijonlik  Zuhriddin va Jasur bilan tanishgan.

 

“Akbar O‘zbekistondagi, Jasur Naxodka shahridagi “kurator” ekan. 18-avgust kuni Akbar qarzini jo‘natib, tovar borligini aytdi, uni Naxodka shahri Lenin ko‘chasiga olib borishimni aytdi. Yukning egasi seni topib oladi dedi. Ertasi kuni aytilgan manzilga 5 kg 400 gramm “grechka”ni olib bordim, shu mahal do‘konga kirib chiqdim, onam bilan gaplashdim. Shu payt ortimdan huquqni muhofaza qiluvchi organ xodimlari kelib meni urdi, telefonimni ko‘zdan kechirdi, mashinadagi psixotrop vositalarni prosessual tartibda rasmiylashtirib, Naxodka shahridagi militsiya bo‘limiga olib borishdi. Jinoyat Kodeksining 228-moddasi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atib, qamab qo‘yishdi, 9 kun mobaynida tergovda bo‘ldim”- deydi u.

 

So‘ngra, D.X. Vladivostokning Ussuriyskiy shahridagi 2-sonli tergov hibsxonasiga jo‘natilgan, u yerda buxorolik va andijonlik 2 vatandoshi bilan bir xonada o‘tirgan. Suhbat davomida bekobodlik yigit Akbarning “dostavka”larini yolg‘iz o‘zi tashimaganini bilgan. Oradan ko‘p vaqt o‘tmay, xodimlar D.X.ga urushda qatnashish evaziga,  ozodlik taklif etishgan. Tergov jarayonlarida unga surxondaryolik erkak tarjimonlik qilib, umrbod qamalib ketmaslik uchun rozilik berishga undagan. Natijada, D.X. harbiy xizmat haqidagi shartnomani imzolagan.

 

“Shundan so‘ng, Ussuriyskiy shahridagi harbiy qismga yuborishdi, u yerda 200 nafardan ortiq turli davlat fuqarolari Ukrainaga qarshi urushga tayyorlanayotgan ekan. Ularning orasida o‘zbeklar ham bor edi. 2 hafta 3 nafar o‘zbekistonlik bilan harbiy mashg‘ulotlardan o‘tdik”, - deydi D.X.

 

2025-yilning oktabrida esa D.X. va boshqalar Zaporijjya viloyati hududidagi harbiy poligoniga yuborilgan. U yerda jangovor qurol, o‘q-dori va harbiy texnikalardan foydalanish o‘rgatilgan.

 

“Keyin 250 000 rubl oylik maosh deb plastik kartamga tashlab berishdi. Poligonda tank o‘qlovchisi vazifasida xizmat qildim. Harbiy tayyorgarliklar jarayonida ko‘richak bo‘lib qoldim va yo‘llanma orqali Rostov shahridagi harbiy gospitalda operatsiya qilishdi, 9 kun davomida davolandim, keyin do‘konga chiqish bahonasida Rostov shahri markaziga yashirincha chiqib, taksiga o‘tirib, haydovchidan yordam so‘radim, urushga majburan yuborilganimni aytdim, keyin u meni Moskvaga olib borib qo‘ydi”, - deydi u ko‘rsatmasida.

 

Onasi va ukasi bilan ko‘rishgan D.X. Moskvada 4 kun davolanib, Vatanga qaytish guvohnomasi bilan O‘zbekistonga kelgan.

 

JIB Bekobod shahar sudining 2026-yil 21-yanvardagi hukmi bilan D.X. Jinoyat Kodeksining 154-moddasi (yollanish) bilan aybli deb topildi. Unga 5 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi. Uni umumiy tartibli koloniyalarda o‘tattirish belgilandi.

 

Eslatib o‘tamiz, sal oldin samarqandlik yigit ham narkotik ortidan Rossiya armiyasiga yollangani haqida yozgan edik.

Kategoriyalar

Bog'lanish uchun

+998 (71) 207-21-28

Elektron manzil

info@zamon.uz

Shahodatnoma

№1346 Berilgan sana: 28.05.2020

Asoschisi

ООО Master Media Production and Broadcast

Tahririyat manzili

Toshkent sh., Amir Temur shoh ko'chasi, 53 uy

Яндекс.Метрика