Tahlillarga ko‘ra, “Novatek”ning hammuallifi Leonid Mixelson “2021-yilning eng boy rossiyalik milliarderi” nomini olgan. Boyligi o‘tgan yil hisobida 7,68 milliard dollarga ortgan Mixelsonning umumiy boyligi ayni vaqtda 32,4 milliard dollarga baholanmoqda.
Undan keyingi o‘rinda “Norilsk Nikel” kon-metallurgiya kompaniyasi prezidenti Vladimir Potanin joy olgan. Potanin eski yilda 846 million dollar qo‘shimcha daromad qilgan. Ayni vaqtda uning boyligi 30,9 milliard dollarga yetganligi aytilmoqda.
Eng boy rossiyalik milliarderlar uchligini “NLMK” po‘lat kompaniyasining benefitsiari Vladimir Lisin yakunlab bergan. U o‘tgan yili 4,14 milliard dollar daromad qilib, o‘z boyligini 28 milliard dollarga yetkazib olgan.
Qolgan o‘rinlarni esa “Lukoyl” neft kompaniyasi egalaridan biri Vagit Alekperov (22,8 milliard dollar), “Novatek” ulushi egalaridan biri Gennadiy Timchenko (22,4 milliard dollar), USM Holdings asoschisi va egasi Alisher Usmonov (21,3 milliard dollar), hamda “Renova” guruhi va “Skolkovo” jamg‘armasi prezidenti Viktor Vekselberg (18,5 milliard dollar) egallagan.
Shuningdek, reytingdagi eng badavlat rossiyaliklar o‘ntaligiga o‘tgan yili 420 million dollar zarar ko‘rgan Roman Abramovich (18 milliard dollar) va kapitali 622 million dollarga kamaygan Andrey Melnichenko (17,5 milliard dollar) ham kiritilgan.
Maʼlumot uchun, Alisher Usmonov o‘tgan yil hisobida 145 million dollar qo‘shimcha foyda ishlagan.
Avvalroq Donald Tramp eng boy amerikaliklar ro‘yxatidan joy ololmagani hamda dunyoning eng boy odamlari ro‘yxati o‘zgargani haqida xabar berilgandi.
Olamgir Abdiyev


