“2023 yilda rasmiy sanalarni nishonlash davrida qo‘shimcha ishlanmaydigan kunlarni belgilash va dam olish kunlarini ko‘chirish to‘g‘risida” Prezident Farmoni imzolandi.
Farmonga ko‘ra, ish haftasining turidan qat’i nazar barcha xodimlar uchun 2 yanvar – dushanba, 30 iyun – juma qo‘shimcha dam olish kunlari belgilandi.
Olti kunlik ish haftasida ishlaydigan xodimlar uchun 3 yanvar – seshanba, 20 mart – dushanba, 22 mart – chorshanba, 24 aprel – dushanba, 1 iyul – shanba, 2 sentyabr – shanba, 30 dekabr – shanba qo‘shimcha dam olish kunlari belgilandi.
Ishlanmaydigan bayram kuni hisoblanuvchi “1 oktyabr – O‘qituvchi va murabbiylar kuni” 2023 yilda yakshanba – dam olish kuniga to‘g‘ri kelganligi munosabati bilan ushbu dam olish kuni 2023 yil 2 oktyabr – dushanba kuniga ko‘chiriladi.
Bunda ishlab chiqarish-texnik va tashkiliy sharoitlar (mavjud uzluksiz ishlab chiqarish, aholiga har kuni xizmat ko‘rsatish, navbatchilik asosida ishlash va boshqalar) tufayli ishlanmaydigan bayram kunlari to‘xtatib qo‘yish mumkin bo‘lmagan ishlarni bajarishda dam olish kunlari ko‘chirilmasligi ma’lumot uchun qabul qilinadi.
2023-yilda besh kunlik ish haftasida ishlaydigan xodimlar uchun dam olish kunlari quyidagi tartibda ko‘chiriladi:
7 yanvar – shanba kunidan 3 yanvar – seshanba kuniga;
11 mart – shanba kunidan 20 mart – dushanba kuniga;
25 mart – shanba kunidan 22 mart – chorshanba kuniga;
29 aprel – shanba kunidan 24 aprel – dushanba kuniga.
Bayram (ishlanmaydigan) kunlarining uzaytirilishini hisobga olgan holda, respublika aholisining maroqli dam olishi uchun Turizm va madaniy meros vazirligi turizm namoyishi ob’yektlari (madaniy meros ob’yektlari, muzeylar) va mehmonxona xizmatlari uchun chegirmalar berilishi hamda aksiyalar o‘tkazilishini tashkillashtiriladi.
O‘zbekiston Kasaba uyushmalari federasiyasiga Sog‘liqni saqlash vazirligi, Yoshlar ishlari agentligi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimliklari bilan birgalikda sanatoriylar va sog‘lomlashtirish muassasalari uchun chegirmalar berish hamda aksiyalar o‘tkazish tavsiya etilgan.


