Oliy taʼlim muassasalarining iqtidorli talabalari uchun “GTL stipendiyalar dasturi - 5” tanlovi eʼlon qilindi. Bu haqda «O‘zbekneftgaz» AJ xabar berdi.
Qayd etilishicha, unda texnika yo‘nalishidagi Oliy taʼlim muassasalarining 3-, 4-bosqich bakalavr va 1-, 2-bosqich magistr taʼlim yo‘nalishlarida tahsil olayotgan talabalar ishtirok etishlari mumkin.
G‘oliblar uch bosqich natijalariga ko‘ra aniqlanadi.
Joriy yilning 15 sentyabridan 15 oktyabriga qadar talabgorlar havola orqali anketa to‘ldirib, ro‘yxatdan o‘tishlari va Telegram-bot orqali o‘zlari haqida batafsil maʼlumot beruvchi video yuborishlari kerak.
Joriy yilning 20 oktyabridan 15 noyabriga qadar onlayn anketalar va videolar orqali saralangan talabalar o‘rtasida mutaxassisliklari va ingliz tili bo‘yicha yozma ish yoki test shaklida imtihon o‘tkaziladi.
Joriy yilning 20 noyabridan 15 dekabriga qadar ikkinchi bosqichda yuqori natijaga erishgan talabalar suhbatda ishtirok etadi.
Tanlov doirasida o‘tkaziladigan har bir bosqich bo‘yicha batafsil maʼlumot (keyingi bosqichga o‘tgan talabalar ro‘yxati, imtihon o‘tkazish kuni, joyi va vaqti) Kompaniyaning rasmiy sayti hamda ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarida eʼlon qilib boriladi.
Dastur g‘oliblarini taqdirlash marosimi joriy yilning dekabr oyida o‘tkaziladi.
G‘oliblarga 1 yil mobaynida har oy 1 000 000 so‘m miqdorida stipendiya to‘lab boriladi hamda Oliy taʼlim muassasasini tugatgandan so‘ng doimiy ish bilan taʼminlanadi.
Shuningdek, “Uzbekistan GTL” zavodida kengaytirilgan ishlab chiqarish amaliyotlarini o‘tash imkoniyatiga ega bo‘lishadi. (Amaliyot davomida transport, yashash va ovqatlanish xarajatlari Kompaniya tomonidan qoplanadi.)
Eslatib o‘tamiz, ushbu stipendiya dasturi 2019-2020 o‘quv yilida taʼsis etilgan. O‘tgan o‘quv yillarida dasturda jami 5714 nafar talaba qatnashib, 70 ga yaqin iqtidor egalari g‘olib va faol ishtirokchi sifatida eʼtirof etilgan.


