2024-yilda 60 dan ortiq jurnalist va ommaviy axborot vositalari xodimlari oʻz xizmat vazifalarini bajarish chogʻida halok boʻldi. Bu haqida BMTning Inson huquqlari boʻyicha Oliy komissari Volker Turkning hisobotida qayd etilgan.
Hisobot joriy yilning birinchi olti oyi davomida olingan maʼlumotlarga asoslangan. Statistik maʼlumotlarga koʻra, 61 nafar jurnalist tahririyat topshirigʻini bajarish chogʻida halok boʻlgan.
“Hukumatlar hujumlarning oldini olish, jurnalistlarni himoya qilish va jinoyatchilarni javobgarlikka tortish uchun koʻproq harakat qilishi kerak. Davlatlar ham soʻz va axborot erkinligini himoya qiluvchi qonunlarga muhtoj”, — deyiladi hisobotda.
Bundan tashqari, hujjatda jurnalistlarning kasbiy risklari ham qayd etilgan. Masalan, ayol jurnalistlar onlayn zoʻravonlik qurboni boʻlish yoki jismoniy zoʻravonlikdan aziyat chekish xavfi yuqori. YUNESKO maʼlumotlariga koʻra, jurnalistlarga qarshi jinoyatlarning 86 foizi jazosiz qolmoqda.
2023-yilda dunyo boʻylab 99 nafar jurnalist va ommaviy axborot vositalari xodimlari oʻldirilgan. Ularning aksariyati Yaqin Sharqda kuchayib borayotgan mojarolar natijasida halok boʻlgan.


