2025-yil yakunlariga ko‘ra, fuqarolik ishlari bo‘yicha sudlar tomonidan jami 1 519 814 ta sud buyrug‘i chiqarilib, 10,8 trillion so‘mdan ortiq majburiy to‘lovlarni undirish belgilangan. Ushbu to‘lovlar voyaga yetmagan bolalar uchun alimentlar, ish haqi va unga tenglashtirilgan to‘lovlar, yozma bitimlarga asoslangan hamda qarzdor tomonidan tan olingan talablar, shuningdek, kommunal xizmatlar bo‘yicha qarzdorliklarni o‘z ichiga oladi. Bu haqda Oliy sud matbuot xizmati xabar berdi.
Hisobot davrida 649 652 ta fuqarolik ishi ko‘rib chiqilgan. Shundan 506 135 tasi bo‘yicha daʼvo talablari qanoatlantirilgan, 76 138 tasi bo‘yicha talablarni qanoatlantirish rad etilgan, 60 373 ta ish ko‘rmasdan qoldirilgan, 7 006 ta ish bo‘yicha ish yuritish tugatilgan.
Fuqarolik nizolari eng ko‘p Toshkent shahri, Toshkent, Farg‘ona, Samarqand va Andijon viloyatlarida qayd etilgan.
Ko‘rib tamomlangan fuqarolik ishlarining asosiy qismini:
- 206 399 tasi bitimlar (oldi-sotdi, kredit, qarz va boshqalar),
- 70 535 tasi nikohdan ajratish,
- 26 960 tasi uy-joy munosabatlari,
- 19 914 tasi alohida toifadagi ishlar,
- 12 982 tasi o‘zboshimchalik bilan qurilgan uy-joy yoki inshootlarni buzish bilan bog‘liq ishlar tashkil etadi.
Nikohdan ajratishga oid ishlar tahliliga ko‘ra, 37 544 ta ish bo‘yicha nikoh bekor qilingan, 24 244 ta ish bo‘yicha daʼvolar rad etilgan, 6 239 ta ish ko‘rmasdan qoldirilgan, 2 508 ta ish bo‘yicha ish yuritish tugatilgan.


