Ichki ishlar vazirligi tomonidan 2025-yilda respublika bo‘yicha jinoyat holatlari va xizmat vazifasini bajarish chog‘idagi xodimlar xavfsizligi bo‘yicha ma’lumotlar e’lon qilindi.
So‘nggi besh yil ichida respublika bo‘yicha 49 898 ta narkojinoyat fosh etilib, 10,5 tonnadan ortiq giyohvand moddalar musodara qilingan. Xususan, sintetik giyohvand vositalari miqdori 20 baravar, kuchli ta’sir qiluvchi dorilar 9 baravar, geroin, opiy va gashish kabi og‘ir turdagi giyohvand moddalarning noqonuniy aylanmasi esa 3 baravar oshgan.
Shuningdek, 5 yilda respublika bo‘yicha 1 068 ta uyushgan guruh tarkibidagi 4 217 nafar shaxs tomonidan 5 358 ta jinoyat sodir etilgani aniqlanib, ularning faoliyatiga chek qo‘yildi. Uyushgan guruhlarning 71 tasi davlatlararo, 240 tasi viloyatlararo, 344 tasi viloyat hududida, 413 tasi tuman miqyosida faoliyat yuritgan. Ularning asosiy faoliyati mulkiy, iqtisodiy, jamoat tartibi, shaxsning hayoti va sog‘lig‘iga qarshi, korrupsiyaviy, mansabdorlik, giyohvandlik, odam savdosi va terrorizm bilan bog‘liq.
2025-yilda ichki ishlar tizimida xizmat vazifasini bajarish chog‘ida 6 nafar xodim vafot etgan, 131 nafari jarohat olgan. Ichki ishlar vazirligi xodimlarining xavfsizligini ta’minlash va jinoyatchilikni oldini olish bo‘yicha chora-tadbirlarni kuchaytirishga alohida e’tibor qaratilmoqda.


