2025-yilda O‘zbekiston Respublikasi Ombudsmani Feruza Eshmatova ko‘magida fuqarolarning buzilgan huquqlarini tiklash doirasida 10,6 mlrd so‘mdan ortiq mablag‘ undirildi. Bu haqda 16-yanvar kuni ombudsman huzuridagi Insonning konstitutsiyaviy huquqlari va erkinliklariga rioya etilishi bo‘yicha komissiyaning kengaytirilgan yig‘ilishida ma’lum qilindi.
Yig‘ilishda qayd etilishicha, yil davomida ombudsman nomiga jami 26 372 ta murojaat kelib tushgan bo‘lib, bu ko‘rsatkich 2024-yilga nisbatan 12,6 foizga oshgan. Xususan, virtual qabulxona, ishonch telefoni va mobil ilova orqali yuborilgan murojaatlar soni 125 foizga ko‘paygan.
Murojaatlarni ko‘rib chiqish natijasida undirilgan mablag‘larning 2,3 mlrd so‘mi ish haqi va mehnat munosabatlariga oid to‘lovlarga, 3,9 mlrd so‘mdan ortiq qismi esa buzilgan uy-joylar uchun to‘langan kompensatsiyalarga to‘g‘ri keladi. Qolgan mablag‘lar boshqa yo‘nalishlarda fuqarolarning huquqlarini tiklashga yo‘naltirilgan.
Shuningdek, qiynoqlarning oldini olish maqsadida ombudsman va jamoatchilik guruhlari tomonidan 954 ta monitoring tashrifi amalga oshirilgan. Ushbu tashriflar doirasida 5 487 nafar mahkum va mahbus bilan yakka tartibdagi suhbatlar, 11 mingdan ortiq shaxslar bilan jamoaviy uchrashuvlar o‘tkazilgan.
Yig‘ilishda ombudsmanning murojaatlar bilan ishlash, monitoring va huquqiy tahlil, xalqaro hamkorlik, huquqiy targ‘ibot hamda OAV bilan ishlash yo‘nalishlaridagi faoliyati muhokama qilindi. Bildirilgan takliflar Oliy Majlisga taqdim etiladigan yillik ma’ruzani tayyorlashda inobatga olinishi ta’kidlandi.


