Favqulodda vaziyatlar vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, 2025-yilning dastlabki 11 oyida respublika bo‘ylab 10 220 ta yong‘in holati qayd etilgan. Bu ko‘rsatkich o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 17 foizga yuqori. Yong‘inlarning asosiy sabablari sifatida olovdan ehtiyotsiz foydalanish, shuningdek isitish pechkalari va elektr jihozlaridan noto‘g‘ri foydalanish holatlari ko‘rsatilmoqda.
Mazkur ma’lumotlar Oliy Majlis Qonunchilik palatasi majlisida Favqulodda vaziyatlar vaziri Botir Qudratxo‘jayev tomonidan taqdim etildi. Vazirning so‘zlariga ko‘ra, yong‘inlar oqibatida 112 nafar fuqaro turli darajada jarohat olgan, 67 nafar kishi esa halok bo‘lgan.
Shuningdek, davlat nazorat organlarida ro‘yxatdan o‘tgan 323 090 ta korxona va tashkilotdan 79 430 tasida yong‘in xavfsizligi bo‘yicha tekshiruvlar o‘tkazilgan. Natijada yong‘in xavfsizligi qoidalarini buzgan 51 820 nafar rahbar, mas’ul shaxs va jismoniy shaxs ma’muriy javobgarlikka tortilgan. Solingan jarimalarning umumiy miqdori 31,8 milliard so‘mni tashkil etgan.
Aniqlangan qoidabuzarliklar yong‘in kelib chiqishiga olib kelishi mumkin bo‘lgan 22 640 ta obyektda faoliyat vaqtincha to‘xtatilgan. Bundan tashqari, 112 530 ta nosoz elektr qurilmasidan elektr ta’minoti uzilgan.
Tekshiruvlar davomida maktabgacha ta’lim muassasalari va umumta’lim maktablarida yong‘in xavfsizligi talablarining 68 540 ta buzilishi aniqlangan bo‘lib, ularning 32 060 tasi hozirga qadar bartaraf etilgan.


