Prezident Shavkat Mirziyoyev xalqaro madaniy tadbirlarning yakunlari, turizm sohasini rivojlantirish bo‘yicha navbatdagi vazifalar hamda yirik madaniyat va turizm obyektlarini barpo etishga oid taqdimot bilan tanishdi.
So‘nggi yillarda O‘zbekiston xalqaro madaniy makondagi mavqeini izchil mustahkamlab bormoqda. Xususan, Samarqand shahrida UNESCO Bosh konferensiyasining 43-sessiyasi 190 mamlakatdan 3 mingdan ortiq delegat ishtirokida yuqori saviyada o‘tkazildi. Tadbir yakunida madaniy merosni muhofaza qilish, ta’lim va kreativ iqtisodiyot sohalarida O‘zbekiston tashabbuslarini amalga oshirish bo‘yicha “yo‘l xaritasi” ishlab chiqilib, tasdiqlandi.
Yaponiyada bo‘lib o‘tgan EKSPO–2025 Butunjahon ko‘rgazmasida O‘zbekistonning ishtiroki yakunlari ham sarhisob qilindi. Maydoni 1,2 ming kvadrat metr bo‘lgan “Bilimlar bog‘i” milliy pavilyoniga qariyb 1 million kishi tashrif buyurdi. Ekspozitsiyalar xalqaro OAVda keng yoritilib, eng ko‘p tashrif buyurilgan pavilyonlar qatoridan joy oldi. Shu bilan birga, Saudiya Arabistonida o‘tkaziladigan EKSPO–2030 ko‘rgazmasida ishtirok etish uchun 3,6 ming kvadrat metr maydonga ega pavilyon qurish rejalashtirilgani ma’lum qilindi.
Buxoro shahrida o‘tkazilgan birinchi Zamonaviy san’at biyennalesi natijalariga alohida e’tibor qaratildi. 70 kun davom etgan tadbir 3,5 gektar hudud va 14 ta restavratsiya qilingan madaniy meros obyektini qamrab oldi. Biyennaleda 40 dan ortiq davlatdan 70 nafar ijodkor va kurator ishtirok etdi. Umumiy tashrif buyuruvchilar soni 1,8 million nafarga yaqin bo‘lib, ular orasida 100 nafardan ortiq yuqori martabali xorijiy mehmonlar ham bo‘lgan. Ta’kidlanishicha, O‘zbekistonning 2021-yildan buyon Venetsiya biyennalesida doimiy ishtiroki Italiyadan sayyohlar oqimini oshirishga xizmat qilmoqda.
Mamlakatda yirik xalqaro konsert dasturlari ham muvaffaqiyatli o‘tkazildi. Toshkentda Jennifer Lopes, Xivada Black Coffee, Samarqandda Andrea Bochellining konsertlari bo‘lib o‘tdi. Tadbirlar davrida ushbu shaharlarda mehmonxonalardan foydalanish darajasi 90 foizdan oshib, turizm va xizmatlar sohasi daromadlariga ijobiy ta’sir ko‘rsatdi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, 2025-yilda O‘zbekistonga tashrif buyurgan sayyohlar soni 11 milliondan oshib, turistik xizmatlar eksporti 4,8 milliard dollarga yetdi. Shuningdek, vizasiz tartib joriy etilgan davlatlar soni 94 taga yetkazildi.
Shu bilan birga, turizm sohasini loyiha boshqaruvi tizimiga o‘tkazish, turizm mahsulotlarini yaratish bo‘yicha yagona mexanizmni joriy etish va yirik tadbirlarni muvofiqlashtirishni kuchaytirish zarurligi qayd etildi.
Soha faoliyatini raqamlashtirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi. Milliy turizm platformasini ishga tushirish, davlat va xususiy axborot tizimlarini integratsiya qilish, turistlar va tadbirkorlar uchun proaktiv raqamli xizmatlarni joriy etish, shuningdek, naqdsiz hisob-kitoblarni kengaytirish vazifalari belgilandi. Bu orqali yashirin iqtisodiyot ulushini qisqartirish va turistik yig‘imlardan tushumlarni oshirish rejalashtirilmoqda.
Turizm salohiyatini AQSh, Fors ko‘rfazi davlatlari, Hindiston, Xitoy va Skandinaviya mamlakatlari kabi ustuvor bozorlarda ilgari surish bo‘yicha yangi marketing strategiyasini amalga oshirish zarurligi ta’kidlandi.
Taqdimotda yirik madaniyat va turizm obyektlari loyihalari ham ko‘rib chiqildi. Xususan, Samarqandda Registon, Bibixonim, Shohi Zinda majmualari va Mirzo Ulug‘bek rasadxonasini birlashtiruvchi 6,6 kilometrli “Samarqand merosi yo‘lagi” loyihasi ishga tushirilmoqda. Shuningdek, maydoni 19,5 ming kvadrat metr bo‘lgan uch qavatli zamonaviy “Ipak yo‘li” muzeyini qurish rejalashtirilgan.
Mirzo Ulug‘bek rasadxonasi hududini kompleks yangilash, yangi muzey binosi va immersiv ko‘rgazma zallarini barpo etish, piyoda yo‘laklarini obodonlashtirish ko‘zda tutilmoqda.
Buxoro shahrining bosh rejasida esa transport va turizm infratuzilmasini rivojlantirish, tarixiy-etnografik bog‘ hamda ko‘p funksiyali majmua — kongress-xoll, amfiteatr, kutubxona, fud-xoll, savdo obyektlari va yuqori toifali mehmonxona qurish rejalari aks etgan.
Muhokama yakunida Prezident madaniyat loyihalarini turizmni rivojlantirish vazifalari bilan uyg‘un holda amalga oshirish, ularning iqtisodiy barqarorligi va samarali boshqaruvini ta’minlash muhimligini ta’kidladi.


