Milliy statistika qo‘mitasining dastlabki maʼlumotlariga ko‘ra, 2025-yilda Toshkent metropoliteni orqali jami 286,8 million nafar yo‘lovchi tashilgan.
Qayd etilishicha, ushbu ko‘rsatkich 2024-yilga nisbatan 6,1 foizga oshgan. Mazkur davrda metropoliten xizmatlaridan bir kunda o‘rtacha 785,6 ming nafar yo‘lovchi foydalangan.
Yillar kesimida metropoliten orqali tashilgan yo‘lovchilar soni izchil o‘sishni namoyon etmoqda. Xususan, 2020-yilda 38,8 million nafar yo‘lovchi metro xizmatlaridan foydalangan bo‘lsa, 2021-yilda bu ko‘rsatkich 101,8 million nafarni tashkil etgan.
2022-yilda metropoliten orqali 136,7 million nafar, 2023-yilda esa 172 million nafar yo‘lovchi tashilgan. 2024-yilda ushbu ko‘rsatkich 270,3 million nafarga yetgan bo‘lsa, 2025-yilda eng yuqori natija — 286,8 million nafar qayd etilgan.


