Prezident Murojaatnomida 2026-yilda amalga oshiriladigan eng muhim ustuvor yo‘nalishlarga alohida to‘xtalib o‘tdi.
Birinchi ustuvor yo‘nalish mahalla infratuzilmasini yana-da yaxshilash, ularga Yangi O‘zbekiston qiyofasini olib kirishdan iborat.
“Yurt obodligi, avvalo, mahalladan boshlanadi. Aynan mahalladagi yo‘l, suv, elektr va transport taʼminoti, bog‘cha, maktab va oilaviy poliklinikadagi shart-sharoitlarga qarab, odamlar islohotlarimizga baho beradi”, – dedi Prezident.
Mahalla infratuzilmasini tubdan yaxshilash orqali mamlakatimizni har tomonlama rivojlantirish, uning qiyofasini yana-da go‘zal va obod qilish ishlari davom ettiriladi.
Kelgusi yildan mahallani rivojlantirish bo‘yicha kompleks yondashuv joriy etiladi.
Har bir viloyatda 2-3 tadan tumanni tanlab, hamma mahallasidagi barcha muammolarni bir vaqtning o‘zida hal qiladigan tizim yaratiladi. Ularda bir vaqtning o‘zida tadbirkorlik infratuzilmasi ham rivojlantiriladi.
Ushbu maqsadlar uchun barcha manbalar hisobidan 8,5 trillion so‘m mablag‘ ajratiladi.
Deputatlarga o‘z okrugidagi muammolarni hal etish uchun 500 milliard so‘m berilmoqda. Bu borada “yashil hudud”, “yashil bog‘” yaratish bo‘yicha har bir deputatning tashabbusiga qo‘shimcha 330 million so‘mdan yo‘naltirilishi belgilandi.
Bunday yondashuv orqali 2030-yilgacha sharoiti og‘ir barcha tumanlardagi mahallalarga Yangi O‘zbekiston qiyofasi olib kirilishi taʼkidlandi. Kelgusi yilda ilk bor mahalla infratuzilmasini rivojlantirish uchun 20 trillion so‘m viloyatlarning o‘ziga beriladi.
Ushbu mablag‘larning har bir so‘mi aholi uchun qo‘shilgan qiymat yaratishi zarurligi ko‘rsatib o‘tildi. Shu bois, bu pullar umuman qaysidir tuman uchun emas, balki mahallada ish o‘rinlari yaratadigan, aholini daromadli qiladigan aniq loyihalarga yo‘naltiriladi. Bu budjet mablag‘larini samarali ishlatishda loyihaviy yondashuv bo‘ladi.


