Prezident raisligida o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida 2026-yildan boshlab mahalla infratuzilmasini rivojlantirish uchun ilk bor viloyatlarning o‘ziga 20 trillion so‘m mablag‘ yo‘naltirilishi ma’lum qilindi. Ta’kidlanganidek, ushbu mablag‘ barcha hududlarga teng taqsimlanmaydi – natija ko‘rsatgan tumanlar ko‘proq qo‘llab-quvvatlanadi.
Do‘stlik tumani bunga yorqin misol bo‘ldi: ajratilgan 5 milliard so‘m evaziga Chinobod mahallasidagi 2 kilometrli ko‘chaning infratuzilmasi yangilanib, kunu-tun faol hududga aylantirildi. Ish samarasi ko‘ringach, qo‘shimcha 10 milliard so‘m ajratildi va ko‘chaga tutash daryo bo‘yi obodonlashtirildi. Natijada savdo va servis faoliyati kengayib, 130 nafar yangi tadbirkor ish boshladi, 700 nafar fuqaroga bandlik yaratildi.
Biroq shunday “drayver” loyihalar uchun mablag‘ olgan Uchko‘prik, Bektemir, Jomboy, Kitob va Toshkent tumanlarida hanuz sezilarli natijalar kuzatilmagani tanqid qilindi.
Prezidentning ta’kidlashicha, endi har bir hokim aniq loyiha ishlab chiqib, tezkor natija ko‘rsatsa, aynan o‘sha hududga ko‘proq mablag‘ yo‘naltiriladi. Shuningdek, viloyat hokimlariga ish o‘rinlari yaratish va kambag‘allikni qisqartirishga xizmat qiladigan yirik infratuzilma hamda ishlab chiqarish loyihalarini tanlab, barcha tayyorgarlikni joriy yil yakunigacha tugatish topshirildi.
Yig‘ilishda kelgusi yil uchun ustuvor vazifalar ham belgilandi.
Birinchi yo‘nalish — qurilish sohasini kengaytirish orqali aholini ishli va daromadli qilish.
2025-yilda mamlakat bo‘yicha 675 trillion so‘mlik investitsiya loyihalarini amalga oshirish rejalashtirilgan bo‘lib, shundan 380 trillion so‘mi qurilish ishlari hissasiga to‘g‘ri keladi. Kelgusi yilda 140 ming xonadondan iborat ko‘p qavatli uy-joylar barpo etilishi belgilangan.
Har bir hokim ushbu jarayonlardan samarali foydalanib, qurilish sohasida kamida 20–25 ming, yaratilayotgan infratuzilma orqali esa qo‘shimcha 10 ming kishining bandligini ta’minlash imkoniyatiga ega ekani qayd etildi.
Ikkinchi yo‘nalish – servis loyihalarini ko‘paytirib, aholi bandligini ta’minlash.
Xizmatlar sohasi ayni paytda mamlakat iqtisodiyotida eng yuqori o‘sish sur’atini ko‘rsatayotgan bo‘lsa-da, ko‘plab viloyat va tuman hokimliklari turizm salohiyatidan to‘liq foydalanmayotgani qayd etildi. Turizmni rivojlantirish orqali yangi ish o‘rinlari yaratish, aholi daromadini ko‘paytirish va hududiy iqtisodiy faollikni oshirish uchun katta imkoniyatlar mavjudligi alohida ta’kidlandi.
Mutaxassislarning hisob-kitobiga ko‘ra, turizm salohiyati yuqori bo‘lgan 150 ta mahallaning infratuzilmasi yaxshilansa, xizmatlar sohasini 10 trillion so‘mgacha kengaytirish, kamida 45 ming fuqaroni savdo va servis yo‘nalishlarida band qilish mumkin.
Shu bois, 2026-yilda ushbu 150 ta mahallaning har biriga infratuzilmani rivojlantirish uchun 3–5 milliard so‘mdan mablag‘ ajratiladi. Viloyat va tuman hokimlariga, shuningdek Turizm qo‘mitasiga yil yakunigacha har bir mahalla bo‘yicha master rejalarni ishlab chiqish, yer auksionlarini tashkil etish hamda tadbirkorlar uchun loyihalarni e’lon qilib, qurilish ishlarini boshlash topshirildi.
Mahallalarda mehmon uylari va boshqa servis obyektlarini barpo etishni qo‘llab-quvvatlash uchun tuman banklariga 150 million so‘mgacha imtiyozli kreditlar ajratish tizimini yo‘lga qo‘yish vazifasi yuklatildi.


