O‘zbekiston 2030-yilga kelib o‘z fuqarolari uchun vizasiz sayohat qilish mumkin bo‘lgan davlatlar sonini 50 taga yetkazishni rejalashtirmoqda. Bu maqsadlar 2026–2030-yillarga mo‘ljallangan yangilangan rivojlanish strategiyasi loyihasida belgilangan.
Hujjatga ko‘ra, kelgusi yillarda vizasiz va soddalashtirilgan kirish rejimiga ega davlatlar bilan hamkorlik izchil kengaytiriladi.
Xususan, 2026-yilda yana ikki davlat, 2027-yilda esa besh davlat bilan vizasiz yoki soddalashtirilgan kirish to‘g‘risida bitimlar tuzish rejalashtirilgan.
Natijada, vizasiz tashrif buyurish mumkin bo‘lgan mamlakatlar soni 2028-yilda 45 taga, 2029-yilda 48 taga, 2030-yilga kelib esa 50 taga yetishi kutilmoqda.
Shu bilan birga, soddalashtirilgan kirish tartiblari amal qiladigan mamlakatlar ro‘yxatini kengaytirish ham ko‘zda tutilgan. 2030-yilga kelib elektron viza, kelishda viza yoki boshqa soddalashtirilgan tartiblarni taklif qiluvchi davlatlar soni 60 taga yetishi rejalashtirilmoqda.
Bundan tashqari, konsullik xizmatlari uchun mobil platformani ishga tushirish rejalashtirilgan. Raqamlashtirish natijasida ushbu xizmatlardan foydalanuvchilar soni hozirgi 8 500 nafardan 2026-yilda 15 ming nafarga, 2030-yilga kelib esa 100 ming nafarga yetishi kutilmoqda.
Tashqi ishlar vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, hozirda O‘zbekiston fuqarolari 35 ta davlatga vizasiz tashrif buyurishi mumkin. Yana 42 ta mamlakat soddalashtirilgan kirish tartiblarini taklif etmoqda.


