Sirdaryo viloyati Mirzaobod tumanida istiqomat qiluvchi Malika Shaniyazova farzandi Jahongir Olishovning o‘lim to‘g‘risidagi guvohnomasini olishda amaliy yordam so‘rab tuman adliya bo‘limiga murojaat qildi [https://telegra.ph/adliya-08-24-20]. Murojaat bo‘lim tomonidan ish yurituviga olinib, zarur hujjatlar to‘plandi. Unga ko‘ra, fuqaro M.Shaniyazovaning farzandi Olishev Jahongir Ravshan o‘g‘li 1997-yil 28-yanvarda vafot etgani va Mirzaobod tumani Tinchlik mahallasidagi “Parcha yuz” qabristoniga dafn etilgani maʼlum bo‘ldi. Biroq ayrim sabablarga ko‘ra uning o‘limi qayd etilmasdan qolgan. Yaʼni, FHDYO arxivi tomonidan berilgan maʼlumotnomalar (1994-2022-yillar tekshirilganda) Olishev Jahongir Ravshan o‘g‘lining o‘limi xaqidagi dalolatnoma yozuvlari mavjud emasligini ko‘rsatdi. O‘zbekiston Respublikasi Fuqarolik-prosessual kodeksining 283-moddasi 10-bandiga ko‘ra, yuridik ahamiyatga ega bo‘lgan boshqa faktlarni, agar qonun hujjatlarida ularni belgilashning boshqacha tartibi nazarda tutilgan bo‘lmasa, belgilashga oid ishlarni ko‘radi. O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 1991-yil 20-dekabrdagi 5-sonli “Yuridik ahamiyatga ega bo‘lgan faktlarni belgilash haqidagi ishlar bo‘yicha sud amaliyoti to‘g‘risida”gi qarorining 20-bandiga ko‘ra, agar shaxsning maʼlum vaqt va maʼlum holatda vafot etganligini tasdiqlovchi ishonchli dalillar mavjud bo‘lsa, Fuqarolik prosessual kodeksi 295-moddasining 10-bandiga asosan sud o‘lganlik faktini belgilaydi. Yuqoridagilarga asosan, tuman adliya bo‘limi tomonidan Fuqarolik ishlari bo‘yicha Guliston tumanlararo sudiga ariza kiritildi. Natijada Mirzaobod tuman adliya bo‘limining fuqaro Malika Shaniyazovaning manfaatida kiritilgan arizasi qanoatlantirilib, sudning hal qiluv qarori bilan Olishev Jahongir Ravshan o‘g‘lining o‘lganlik fakti belgilandi.