Joriy yilda O‘zbekistonda 450 ming dona yengil avtomobil ishlab chiqarish rejalashtirilmoqda. Bu haqda 21-fevral kuni Prezident tomonidan qabul qilingan joriy yilgi davlat dasturida keltirilgan.
Hujjatda mahalliy avtomobilsozlik sanoatida mavjud va yangi ishlab chiqaruvchilarga shaffof va teng sharoitlarni yaratish belgilangan. Jizzaxda “BYD” kompaniyasi bilan 10 mingta elektromobil va gibrid avtomobillarni to‘liq siklda ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yiladi. Yanvarda prezidentning Xitoyga tashrifi doirasida kompaniya bilan gibrid va elektr avtomobillarni yig‘ish bo‘yicha loyiha ishga tushirilgandi. Ishlab chiqarish yiliga 500 mingtaga yetkazilishi mumkin.
Shuningdek, dekabrgacha Jizzaxdagi “ADM Jizzakh” korxonasi negizida Janubiy Koreyaning “KІA” brendi ostida avtomobillarni to‘liq siklda ishlab chiqarish loyihasi ishga tushiriladi. Bundan tashqari, farmon bilan 2024-yilda mahalliy avtomobilsozlik korxonalari tomonidan 450 ming dona yengil avtomobil ishlab chiqarishga erishish belgilandi.
2023-yilda 418 mingta yengil avtomobil ishlab chiqarilib, ko‘rsatkich 2022-yilga nisbatan 27,4%ga oshdi. Eng ommabop model “Cobalt” bo‘ldi, mazkur avtomobil 118 ming dona (yiliga +16,1%) ishlab chiqarilgan. Shuningdek, 90 mingga yaqin avtomobil bilan “Damas” ikkinchi o‘rinni egalladi. Uchinchi o‘rinni joriy yilda “UzAuto Motors” ishlab chiqarishni to‘xtatgan “Lacetti-Gentra” (82,1 ming dona) egalladi.


