Saudiya Arabistoniga Umra safari uchun borgan 50 nafar o‘zbekistonlik ziyoratchi vataniga qaytish chiptasiz qolib ketdi. Bu haqda “Dunyo” axborot agentligi xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, sayyohlik firmasi orqali safarga chiqqan ziyoratchilar 15 sentabr kuni Centrum Airning Jidda – Toshkent reysi orqali qaytishi kerak edi. Biroq firma ularning qaytmasligiga izoh bermagan, faqat “yaqin orada qaytariladi” degan va’da bilan cheklangan. Ziyoratchilarning aksariyati keksalar va ayollar bo‘lgani bois, ular sarosimaga tushib qolgan.
Fuqarolardan biri O‘zbekiston Bosh konsulxonasiga murojaat qilgach, konsulxona vakillari sayyohlik kompaniyasi bilan bog‘lanib, muammoni tezkor hal qilishni talab qildi. Firmaning ta’kidlashicha, aviachiptalarni oldindan sotib olish hamkorlar bilan yuzaga kelgan muammolar sabab kechikkan.
Bosh konsulxona vaziyatni nazoratga olib, firmaga ziyoratchilarni vaqtincha mehmonxonaga joylashtirish hamda chipta xarid qilish yuzasidan ko‘rsatma berdi. Shundan so‘ng sayyohlik kompaniyasi tomonidan aviachiptalar sotib olinib, 17 sentabr kuni ziyoratchilar Fly Khiva aviakompaniyasining Madina – Toshkent yo‘nalishidagi reysi bilan vatanga qaytarilgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Farg‘onada fuqarolarni Umra ziyoratiga yuborishni va’da qilib, evaziga 5000 dollar talab qilgan shaxs qo‘lga olingandi. U Umra safarlarini tashkil etish uchun zarur litsenziyaga ega bo‘lmagan.


