U vaqtlarda hozirgidek Internet, televideniye va hatto xonadonlarda radio ham yo‘q edi. Odamlar shahar va qishlorq markazlariga qo‘yilgan radiokarnay orqali yangiliklardan xabardor bo‘lishardi. Ana o‘sha — ko‘chalarga o‘rnatilgan radiokarnaylar ertalabdan boshlab “xukumatning muhim bayonoti” haqida qisqa xabar bera boshladi. Tushdan keyin “urush boshlandi” degan sovuq va shu bilan birga dahshatli xabarni tarqatdi. Shu tariqa urushning og‘ir davri boshlandi. Urush har bir xonadonda iz qoldirdi. Qayg‘u-alam, ayriliq, judolik hech bir uyni chetlab o‘tmadi.
Ikkinchi jahon urushi haqiqatan ham insoniyat tarixidagi eng dahshatli, eng qonli qirg‘in bo‘lgan edi. Bu urush xalqimiz boshiga qanday og‘ir azob-uqubat va talafotlar, behisob qurbonlar keltirganini el-yurtimiz hech qachon unutmaydi.
Urush arafasida O‘zbekistonda 6,5 million aholi yashagan bo‘lsa, shundan 1 million 500 mingdan ziyodi frontga safarbar etilgan. Bu o‘sha paytdagi xalqimizning 22 foizini, mehnatga yaroqli aholining esa 40-42 foizini tashkil etardi. Mehribon ota-onasini, aziz farzandlari, tabarruk ona yurt tuprog‘ini himoya qilishga otlangan bu botir insonlar kechayu kunduz qon kechib, Moskvadan to Berlingacha bo‘lgan olovli yo‘llarni qahramonlarcha bosib o‘tdilar. Urushda o‘zbekistonlik jangchilardan 500 mingdan ko‘prog‘i – frontga safarbar etilganlarning har uchtasidan biri halok bo‘ldi, 60 mingdan ortiq hamyurtimiz nogiron bo‘lib qaytdi. Bu yovuz urush tufayli qancha-qancha oilalar o‘z boquvchisidan ajraldi, go‘daklar yetim, ayollar beva bo‘lib qoldi. O‘z jigarbandidan judo bo‘lgan ming-minglab onalar qalbidagi alam va iztirobni ifoda etishga so‘z ojiz. Urushda qatnashgan 120 mingdan ortiq O‘zbekiston farzandi jangovar orden va medallarga sazovor bo‘lgan. Ularning 280 nafari Sovet Ittifoqi Qahramoni unvoni bilan, 82 nafari esa uchala darajadagi “Slava” ordeni bilan mukofotlangan. Urush yillarida O‘zbekiston frontning mustahkam ta’minot bazasiga aylandi. Yurtimizdagi sanoat korxonalari harbiy sohaga moslashtirildi, barcha imkoniyatlar front uchun, g‘alaba uchun safarbar etildi.
O‘lkamizga evakuasiya qilingan yuzdan ziyod zavod va fabrikalarni ishga tushirishda ishchi va muhandislar bilan birga ayollar va keksalar, o‘spirin bolalar mardlik va matonat bilan mehnat qildilar.
Urush davrida xalqimiz tomonidan frontga 2 mingdan ziyod samolyot, ko‘plab qurol-yarog‘, yuzlab harbiy-sanitariya poyezdlari, dala oshxonalari, palatkalar, juda katta miqdordagi oziq-ovqat, kiyim-kechak va boshqa zarur mahsulotlar yetkazib berildi. O‘zbekiston mehnatkashlari to‘plagan mablag‘lar hisobidan o‘nlab harbiy samolyot va tanklar, jangovar mashinalar barpo etildi.
1941-1945-yillarda mamlakatimiz sobiq Ittifoq miqyosidagi ulkan gospitalga aylandi. Bu yerda ming-minglab jangchilar davolanib, urush va mehnat frontlariga qaytdilar.
O‘sha suronli yillar haqida gapirganda, xalqimizning olijanob gumanistik fazilatlari to‘g‘risida har qancha faxrlanib, g‘ururlanib so‘z yuritsak, arziydi, albatta.
O‘zbekiston urush tufayli uy-joyi, ota-onasi va qarindoshlaridan ajralgan, front hududlaridan ko‘chirib keltirilgan qariyb 1 million kishini o‘z yaqinlaridek kutib oldi. Ularning 200 ming nafari bolalar edi. Yuzlab o‘zbek oilalari evakuasiya qilingan yetim bolalarni o‘z tarbiyasiga oldi. Oxirgi burda nonini ham ular bilan baham ko‘rdi”.
Kishilik tarixidagi eng qonli, eng katta yo‘qotish va mislsiz qurbonlarga, el-yurtimiz o‘rtasida qancha-qancha musibat va ofatlar, g‘am-alamlarga, beva-bechoralar va yetimlarning paydo bo‘lishiga sabab bo‘lgan beshafqat urush hech qachon qaytarilmasligi uchun bunday fojia va balolarning oldini olish, doimo ogoh va hushyor bo‘lish zarur. Afsuski, bugungi kunda dunyoning turli hudud va mintaqalarida, olis va yaqin atrofimizda qarama-qarshilik va ziddiyatlar tobora kuchayib borayotganini ko‘rmoqdamiz. Ayrim joylarda qon to‘kilayotgani, nizo va adovatlar avj olayotgani, millatchilik, shovinizm kabi xavfli ofatlar maydonga chiqayotgani, bir so'z bilan aytganda, vaziyat tobora keskinlashib, xavf-xatarlar ortib borayotgani barchamizni tashvishga solmasdan qo‘ymaydi.
Urushlar insoniyatining “tarixiy yo‘ldoshi” bo‘lib kelgani tan olinadi. Olimlarning fikricha, besh ming yillik tarix davomida yer yuzida 14 ming 500 ta urush bo‘lib o‘tgan. Bu urushlar oqibatida 3,5 milliard kishi xalok bo‘lgan. Avvallari ibtidoiy davrda urushlar bo‘lmagani aytib kelinar edi. Endi ma’lum bo‘lishicha, o‘sha davrlarda ham ajdodlarimiz bir-birlariga qurol o‘qtalgan ekan.
Insoniyat tarixi shuni ko‘rsatib turibdiki, shu kunga qadar odamlar tabiiy ofatlar (zilzila, suv toshqinlari, qurg‘oqchilik, turli kasalliklar)ni bartaraf etish bilan shug‘ullanib kelgan bo‘lsa, endilikda insonlarning o‘zlari tabiat va jamiyat inqiroziga sabab bo‘lmoqda. Jamiyatdagi har qanday o‘zgarish tabiatga ta’sir qilmasdan qolmayapti. Yadro quroli yaratilishi bilan insoniyat oldida urush va tinchlik muammosi dolzarb ahamiyatga ega bo‘ldi. Jurnalistlardan biri A.Eynshteynga uchinchi jahon urushi xaqida savol bilan murojaat qilganida, u “uchinchi jahon urushida qanday qurollar bilan jang qilishlarini bilmayman-u, ammo to‘rtinchi jahon urushi tayoqlar bilan bo‘lishiga ishonaman” degan ekan. U bu so‘zlari bilan uchinchi jahon urushi yer yuzini ostin-ustun qilishiga sha’ma qilib o‘tganiga shubha yo‘q. Bugungi kundagi qurollanish, davom etayotgan qirg‘inbarotlar buyuk olimning fikrlarini isbotlamoqda. Tahlilchilarning so‘zlariga qaraganda, bugungi kunda dunyo mamlakatlari ega bo‘lgan yadro qurollarining atigi besh foizi ishlatilgan taqdirda yer sharini o‘z o‘qidan chiqib ketishiga olib kelar ekan. Agar vaziyat shu darajada davom etadigan bo‘lsa, u holda yer yuzidan nafaqat insonlar yo‘qolib ketadi, balki sayyoramizning o‘zi ham yo‘q bo‘lib ketishi turgan gap.
O‘zi nimani talashayapmiz, degan savolni beradigan odam bormi?
Tahlilchilarning fikricha, XIX asrgacha urushlar mamlakatlarning iqtisodiyotiga deyarli ta’sir qilmagan. Ammo XIX asrning ikkinchi yarmi va XX asrdan boshlab urushlar nafaqat mamlakat iqtisodiyotida, balki keng ommaning turmush tarzida aks eta boshladi. Endilikda harbiy harakatlarda bir-ikki davlat emas, balki ko‘plab mamlakatlar ishtirok etmoqda. Birinchi jaxon urushida 70 milliondan ortiq kishi ishtirok etgan bo‘lsa, Ikkinchi jaxon urushida 110 millionga yaqin kishi qatnashdi. Yevropa mamlakatlarida bo‘lib o‘tgan urushlar taxlil qilinar ekan, XVII asrda — 3,3 million kishi, XVIII asrda — 5,4 million kishi, XIX asr va XX asr boshlarida (Birinchi jaxon urushiga qadar) — 5,7 million kishi, Birinchi Jahon urushi (1914 yilning 28 iyul – 1918 yilning 11 noyabri)da — 9 milliondan ortiq kishi, Ikkinchi Jahon urushi (1939 yilning 1 sentyabr – 1945 yilning 2 sentyabri)da esa 50 milliondan ortiq kishining halok bo‘lgani aytiladi. 1945 yildan 1990 yilgacha bo‘lgan davrning 2 340 haftasida atigi uch xaftasida yer yuzida urush bo‘lmapti. XX asrning 90 yillarida yer yuzida 100 dan ortiq harbiy harakatlar qayd qilingan. 90 dan ortiq davlat ishtirok etgan bu urushlarda 9 millionga yaqin kishi xalok bo‘ldi. Birgina 1990 yilda yer yuzida 31 ta qurolli to‘qnashuv qayd qilingan. Urushlar xukmdorlarning shuhratparastligi tufayli kelib chiqadi. O‘tgan asrning 90 yillaridan boshlab qurolli to‘qnashuvlarning yangi ko‘rinishi — millatlararo to‘qnashuvlar, rangli inqiloblar paydo bo‘ldi. Rangli inqiloblar yuz bergan mamlakatlardagi vaziyat tahlil qilinadigan bo‘lsa, odamlarning turmush tarzi yaxshilanish o‘rniga battar yomonlashgani, mamlakat turli bo‘laklarga bo‘lingan holda mahalliy klanlar tomonidan boshqarilayotganini, millatchilik, shovinizm avjiga chiqqanini ko‘ramiz. Xokimiyatni qo‘lga kiritgan muholifat vakillari o‘rtasidagi kelishmovchiliklar ham mamlakat parokanda bo‘lishiga sabab bo‘lmoqda.
Qurollanish poygasini to‘xtatish, harbiy xarajatlarni kamaytirish orqali mablag‘larni mamlakatlar iqtisodiyotining boshqa tarmoqlariga yo‘naltirish mumkin. Harbiy xarajatlar o‘ndan bir qismiga kamaytirilgan taqdirda ham rivojlanayotgan mamlakatlarning iqtisodiyotini yaxshilashga, bu mamlakatlar aholisining turmush sharoitini tubdan o‘zgartirishga omil bo‘lar ekan.
Urushlar tufayli shaharlar, tarixiy obidalar vayron bo‘layotganidan aslo ko‘z yumib bo‘lmaydi. Jangarilar Mosuldagi markaziy kutubxonani portlatib yuborishi va o‘t qo‘yganlaridan so‘ng jahondagi eng qadimiy deb aytilayotgan kutubxona hovlisida kitob va qo‘lyozmalarni yoqib, gulxan yasashdi.
Umumiy hisobda madaniyat, falsafa va tarixga oid 10 ming tom kitob yo‘q qilindi. Ular orasida yuzlab manuskriptlar bor edi. Jangarilar Mosul muzeyidagi durdonalar – minglab yillar davomida ko‘zni quvontirib turgan bebaho san’at asarlarini bir necha daqiqa ichida yer bilan yakson qildi. Terrorchilar buldozerlar yordamida Yunus Payg‘ambarning qabri va masjidini ham buzib tashlashdi. Shu o‘rinda Afg‘onistonning Bomiyon viloyatida Toliblar tomonidan qadimiy ulkan Budda haykallarining vayron etilganini ham eslatib o‘tish kerak. Tog‘ bag‘riga eramizning III-VII asrlarida o‘yib ishlangan haykallar portlovchi moddalar yordamida portlatilgandi. Malidagi vaziyat ham kishini tashvishlantiradi. Jangarilar Timbuktu shahridagi noyob arxivga o‘t qo‘ydi. Bu yerdagi qadimiy omborxona va yangi Tadqiqot Markazida jahon merosi sanalmish – ya’ni XII-XIII asrlarda yaratilgan biologiya, astronomiya, tarix, matematika, musiqa va boshqa fanlarga oid yuz mingdan ortiq qo‘lyozmalar, manuskriptlar saqlanardi. Terrorchilar shaharning madaniy qadriyatlarini, jumladan qadimiy Jinguyereber masjidi va so‘fiylarning qadamjolari hamda maqbaralarini tahqirlashdi, buzib tashlashdi. Terrorchilarning ko‘r-ko‘rona xatti-harakatlari oqibatida insoniyat o‘zining tarixiy va ma’naviy boyligidan mahrum bo‘lmoqda. Musulmon mamlakatlarida istiqomat qiluvchi aholi terrorchilarning bu ishlari muqaddas islom diniga mos kelmasligini anglab yetgan. Biroq nomusulmon xalqlar esa, bu kabi ishlarni ko‘rib, “islom dini buzish, vayronagarchilik keltirish, begunoh odamlarni o‘ldirish ekan-da”, degan fikrga kelishi aniq. Tarixiy obidalarni yo‘q qilish xalqning o‘tmishidan judo qilishni anglatadi. Madaniyat o‘zini yangilay olmaydi. Yo‘q qilinsa, qayta tiklanmaydi. Iroq, Suriya, Afg‘oniston, Malidagi qadimiy san’at asarlari endi yo‘q va hech qachon qaytmaydi. Bu jinoyatni siyosiy va diniy jihatdan ham aslo oqlab bo‘lmaydi. Begunoh odamlarning qonini to‘kayotgan va shu tariqa muqaddas dinimizga dog‘ tushirayotgan “Ash-Shabab”, “Boko haram” kabi terror tashkilotlarining kirdikorlariga ham aslo ko‘z yumib bo‘lmaydi.
Agar xalqaro jarayonlarni tahlil qiladigan bo‘lsak, insoniyat oldida paydo bo‘layotgan muammo va ziddiyatlar dunyoda hamjihatlikning yo‘qligi, bir-birini eshitmaslik, o‘z kuchiga ortiqcha baho berish, o‘zgalarga bepisand qarash natijasida yuzaga kelayotganiga guvoh bo‘lish mumkin. Ayniqsa, davlatlararo munosabatlarda o‘zaro ishonchning susayishi va ishonchsizlik kayfiyatining o‘sib borayotgani global muammolarni tinch yo‘l bilan, muzokaralar vositasida hal etishga sezilarli ta’sir ko‘rsatmoqda.
Urushlar jamiyatda ijtimoiy boshboshdoqliklarni keltirib chiqaradi. Urushga qarshi eng samarali kurash bu urushlardan voz kechishdir.
Hech qaysi xalq urushni xohlamaydi. Bizning xalqimizga tinchlik va omonlik kerak. Faqat tinchlik va osoyishtalik bo‘lgan, mehr-oqibat, o‘zaro hurmat hukm surayotgan davlatda, jamiyatda farovon va baxtli hayot qurish mumkin, eng ezgu orzu-maqsadlarga yetishish mumkin. Bugun biz qurbonlar xotirasi oldida ta’zim qilamiz.
Sharofiddin To‘laganov


