Rossiya, Qo‘shma Shtatlar va Ukraina delegatsiyalari o‘rtasida Abu-Dabida bo‘lib o‘tgan uch tomonlama muzokaralarning birinchi kuni samarali o‘tdi. Bu haqda Oq uy vakiliga tayanib NBS va Suspilne xabar berdi. Muzokaralar shanba kuni, 24 yanvar sanasida davom ettirilishi maʼlum qilindi.
Tomonlar muloqotni davom ettirishga kelishib oldi. “Hech kim eshikni yopmayapti”, — deya manba so‘zlarini keltiradi TASS. Qayd etilishicha, delegatsiyalar erishilgan oraliq natijalar bo‘yicha o‘z poytaxtlariga axborot taqdim etadi.
Xavfsizlik masalalariga bag‘ishlangan muzokaralar yopiq formatda o‘tkazildi. Jurnalistlar jarayonga taklif qilinmadi hamda uchrashuvlar o‘tkazilgan joy oshkor etilmadi. BAA Tashqi ishlar vazirligining maʼlum qilishicha, muzokaralar Moskva vaqti bilan taxminan soat 18:30 da boshlangan.
Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy jamoasi delegatsiyalar turli guruhlarga bo‘linib, bir nechta formatda muzokaralar olib borganini bildirdi. Ayrim holatlarda ishtirokchilar alohida muhokamalar o‘tkazgan, ayrim paytlarda esa umumiy uchrashuvlar tashkil etilgan.
Zelenskiy hududiy masalani muzokaralarning asosiy mavzusi sifatida belgilagan. TASS maʼlumotiga ko‘ra, muhokama qilingan masalalar orasida bufer zona yaratish va nazorat mexanizmlarini joriy etish masalalari ham bo‘lgan.
AQSH prezidenti Donald Tramp Abu-Dabidagi muzokaralar kelajakda Rossiya, Ukraina va AQSH prezidentlari darajasidagi uchrashuvga olib kelishi mumkinmi degan savolga “har qanday uchrashuv ijobiy holat” ekanini taʼkidlab, Moskvadan muayyan yon berishlar kutayotganini bildirdi. U shuningdek, Ukrainadagi mojaro yaqin vaqt ichida hal etilishiga umid bildirdi.
Maʼlum qilinishicha, Abu-Dabidagi muzokaralardan avval Rossiya prezidenti Vladimir Putin va Uitkof o‘rtasida 4 soatlik uchrashuv bo‘lib o‘tgan. Unda Vashingtonning Kiyev va Yevropa mamlakatlari bilan aloqalari, shuningdek, keyingi harakatlar parametrlari muhokama qilingan.


